Bank tizimida depozitlar 34 foizga oshdi
Moliya tizimida barqarorlik va aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining banklarga bo‘lgan ishonchi muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Bu borada banklarda shakllanayotgan depozitlar hajmining o‘sishi moliyaviy resurslar bazasi tobora kengayib borayotganidan dalolat bermoqda.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-avgust holatiga O‘zbekiston bank tizimi aktivlari 1 016,6 trillion so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 foizga ko‘p. Bir yil avval bank tizimi aktivlari 852,4 trillion so‘mni tashkil etgan edi.
Banklarning iqtisodiyotni moliyalashtirishdagi ishtiroki ham izchil kengaymoqda. Xususan, kredit qo‘yilmalari hajmi bir yil davomida 576,2 trillion so‘mdan 644,6 trillion so‘mga yetdi. Natijada kredit qo‘yilmalari 12 foizga o‘sib, iqtisodiyotga yo‘naltirilgan mablag‘lar qariyb 68,4 trillion so‘mga ko‘paydi.
Bank tizimidagi eng yuqori o‘sish depozitlar hajmida kuzatildi. 2026-yil 1-avgust holatiga banklardagi jami depozitlar 482,7 trillion so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu sanasidagi 360,4 trillion so‘mga nisbatan 34 foizga ko‘p. Shunday qilib, bir yil mobaynida bank tizimidagi depozitlar hajmi 122 trillion so‘mdan ziyodga oshgan. Depozitlarning kreditlarga nisbatan yuqoriroq sur’atda o‘sishi banklarning ichki moliyaviy resurslar bazasi mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Bu, o‘z navbatida, banklarning aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlaridan jalb qilayotgan mablag‘lari orqali iqtisodiyotni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bank tizimida moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda kapital yetarliligi ham alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, banklarning jami kapitali ham o‘sishda davom etgan. Xususan, 2026-yil 1-avgust holatiga bank tizimining jami kapitali 150,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu bir yil avvalgi 127 trillion so‘mlik ko‘rsatkichdan 19 foizga yuqori.
Umuman, bank aktivlari, kredit qo‘yilmalari, depozitlar va kapital hajmining bir vaqtning o‘zida o‘sishi moliya sektorining resurs bazasi kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, depozitlarning 34 foizga o‘sishi bank tizimida ichki resurslarni jalb qilish imkoniyatlari ortib borayotganini anglatadi. Bu esa kelgusida iqtisodiyotning turli tarmoqlarini moliyalashtirish, tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi uchun moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA