Tadbirkor ayol — taraqqiyot tayanchi
Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va munosib mehnat qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, Prezidentimiz rahnamoligida qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida minglab xotin-qizlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishmoqda.
Bugun tadbirkor ayol nafaqat oila tayanchi, balki mahalla va jamiyat taraqqiyotining faol ishtirokchisiga aylandi. Davlat rahbarining xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan doimiy e’tibori, ular uchun yaratilayotgan imtiyozlar, yengil kreditlar, kasb-hunar o‘rganish va tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari yurtimiz ayollarini yangi marralar sari ilhomlantirmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosi doirasida O‘zLiDeP ning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi asosida tashkil etilgan istiqbolli loyihalardan biri — “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining Buxoro shahar bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur tanlovning asosiy maqsadi iqtisodiyot, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida faoliyat yuritayotgan iqtidorli xotin-qizlarni aniqlash, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish hamda O‘zLiDeP ning kadrlar zaxirasini boyitishdan iborat.

Tanlovning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini, Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ayollarning tadbirkorlik, ishbilarmonlik va rahbarlik sohalaridagi ishtiroki tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘z mahsulotlari, biznes loyihalari va ishlab chiqarish faoliyatini hakamlar hay’atiga taqdim etdi.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, xususiy tibbiyot muassasasi — “Doktor Nigin” MCHJ rahbari Nigina Hikmatova faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan muassasada bugungi kunda 25 nafar xodim mehnat qilmoqda. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, onalik va bolalik muhofazasi yo‘lidagi samarali faoliyati uning munosib e’tirof etilishiga asos bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rin “Omad baxt quvonch” MCHJ rahbari Hilola Halimovaga nasib etdi. Korxonada 30 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu yerda qirqdan ortiq turdagi non mahsulotlari, o‘nlab turdagi makaron mahsulotlari ishlab chiqarilib, aholiga yetkazib berilmoqda. Shuningdek, 50 sotix maydonda tashkil etilgan issiqxonada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a’zolarining bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchinchi o‘rin esa kulolchilik va rassomchilik yo‘nalishida samarali mehnat qilib kelayotgan Shahlo Akramovaga berildi. Milliy hunarmandchilik an’analarini zamonaviy ijod bilan uyg‘unlashtirgan tadbirkor ayolning faoliyati ham munosib baholandi.

Shuningdek, bir qator ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topildi. Dizayner-tikuvchi Saida Muzaffarova “Eng yosh, faol ayol tadbirkor”, gipsdan bejirim bezak buyumlari tayyorlovchi Gulrux Komilova “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, milliy liboslarini Turkiya, Tojikiston va Qozog‘istonga eksport qilib kelayotgan Nigina Axtamova “Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus ko‘rsatgan ishbilarmon ayol”, maxsus ish kiyimlari ishlab chiqaruvchi Hulkar Tillayeva esa “Zamonaviy tashabbuskor ayol” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Tadbir yakunida barcha g‘olib va sovrindorlar O‘zLiDeP Buxoro shahar Kengashi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
“Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovi yana bir bor shuni isbotladiki, mamlakatimizda ayollarning bilim-salohiyati, mehnatsevarligi va tashabbuskorligi davlat tomonidan yuksak qadrlanmoqda. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan oqilona siyosat tufayli tadbirkor ayollar nafaqat o‘z oilasining farovonligini ta’minlamoqda, balki yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratib, mahallalar taraqqiyoti, kambag‘allikni qisqartirish va mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bugungi Buxoro tadbirkor ayollari — bu faqat biznes egalari emas, balki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ishonchli tayanchi, jamiyatning bunyodkor kuchi va kelajak avlod uchun munosib ibrat namunasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri