Raqobatda ustunlik uchun noto‘g‘ri reklama qimmatga tushdi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “TREND” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan pista mahsuloti reklama qonunchiligini buzgani uchun moliyaviy jarimaga tortildi.
Bu holat bozorda raqobat faqat mahsulot sifati bilan emas, balki reklama orqali ham shakllanishini yana bir bor ko‘rsatdi.
Ma’lum bo‘lishicha, “MEGA” brendi ishlab chiqaruvchisi murojaati asosida o‘rganilgan holatda “TREND” brendining ijtimoiy tarmoqlardagi reklama roliklarida o‘z mahsulotini raqobatchidan ustun qilib ko‘rsatuvchi, shu bilan birga “MEGA” brendi obro‘siga salbiy ta’sir qiluvchi lavhalar qo‘llangan.
Aslida pista kabi kundalik iste’mol mahsulotlarida xaridor tanlovi ko‘pincha reklamadagi tasavvurlar orqali shakllanadi. Agar mahsulot haqida bir yoqlama yoki chalg‘ituvchi axborot berilsa, bu iste’molchini noto‘g‘ri qaror qabul qilishga olib kelishi mumkin. Bir brendni yuqori ko‘rsatish uchun boshqasini kamsitish esa sog‘lom raqobat tamoyillariga zid hisoblanadi.
Qo‘mita qarori bilan “OZIQ OVQAT STANDART KARTON” MCHJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilib, qonunbuzilishni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shu bilan birga, aksilreklama materiallarini tarmoqlarda tarqatgan blogerga nisbatan ham ma’muriy chora ko‘rish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bu holat barcha ishlab chiqaruvchilar uchun muhim signaldir. Bozorda ishonchni qozonish uchun raqobatchini emas, mahsulotning haqiqiy sifati va afzalliklarini ko‘rsatish muhim.
Nigora Rahmonova, O‘zA