Jurnalistlar uyushmasining hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi
Buxoroda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limining 2021–2025-yillardagi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari, uyushma a’zolari, faxriy jurnalistlar hamda soha faollari ishtirok etib, mamlakatimizda jurnalistika sohasini rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlash va media makonni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Buxoro viloyat bo‘limi raisi Gulshoda Ibrohimovaning hisoboti tinglandi. Unda keyingi besh yil davomida ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yosh kadrlarni sohaga jalb etish hamda ijodiy muhitni mustahkamlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyatda jami 22 ta bosma nashr faoliyat yuritmoqda. Ularning 13 tasini viloyat, tuman va shahar gazetalari, 9 tasini esa tarmoq va xususiy nashrlar tashkil etadi. Shuningdek, 1 ta davlat teleradiokanali, 1 ta xususiy teleradiokanal hamda o‘nga yaqin internet nashrlari aholini tezkor va xolis axborot bilan ta’minlab kelmoqda. Respublika ommaviy axborot vositalarining 14 nafar muxbiri ham viloyatda samarali faoliyat olib bormoqda.
[gallery-29428]
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a’zolar soni oshib bormoqda. Xususan, 2025-yilga kelib viloyatda uyushma a’zolari soni 67 nafarga yetgani soha nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, uyushmaga a’zo bo‘lish istagidagi yosh jurnalistlar safining kengayib borayotgani quvonarli hol sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun uyushma a’zolarining turli darajadagi davlat mukofotlari, faxriy unvonlar va nufuzli tanlovlar sovrinlariga munosib ko‘rilgani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan jurnalistlar va faxriylar sohadagi yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammolar, raqamli jurnalistikani rivojlantirish, media savodxonlikni oshirish va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov ishtirok etib, mamlakat media sohasi oldida turgan dolzarb vazifalar, jurnalistlar mas’uliyati, axborot makonida tezkorlik va xolislik tamoyillarini mustahkamlash hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi qurultoyida ishtirok etish uchun delegatlar saylandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari