Jinoyat qidiruv xodimlariga ko‘krak nishonlari topshirildi
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish ichki ishlar organlari xodimlaridan yuksak mas’uliyat va kasbiy mahorat talab etadi. Ayniqsa, jinoyat qidiruv sohasida xizmat qilayotgan xodimlardan tezkorlik, hushyorlik va qat’iyat talab etiladi.
Toshkent shahrining Yangihayot va Chilonzor tumanlari ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan bir guruh jinoyat qidiruv xodimlari o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib, xizmat faoliyatida faollik va fidoyilik ko‘rsatgani uchun taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida xodimlarning jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi xizmatlari e’tirof etildi. Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va aholi osoyishtaligini mustahkamlashda ularning o‘rni alohida ta’kidlandi.
Marosimda soha xodimlariga «Fidokorona mehnati uchun» hamda «Yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun» ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-31884]
Ta’kidlanganidek, xodimlarning munosib taqdirlanishi ular mehnatiga berilgan yuksak baho bo‘lib, jamoada xizmat intizomi va mas’uliyatni mustahkamlash, xodimlarni yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qiladi.
Kamola Yusupova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA