Suv ta’minoti tizimida malakali kadrlar salohiyati oshirilmoqda
Ichimlik suvi va oqova suv tizimini modernizatsiya qilish, yangi infratuzilma ob’ektlarini barpo etish bilan birga, ularni samarali boshqaradigan malakali mutaxassislarni tayyorlash ham muhim ahamiyatga ega. Zero, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi, xizmatlar sifatining oshishi va tizimning uzluksiz ishlashi, avvalo, kadrlarning bilimi va kasbiy mahoratiga bog‘liq.
Ayni masalalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida Jahon banki, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati hamda Shveysariya Konfederatsiyasining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik va oqova suv tizimi xodimlarining salohiyatini oshirish” mavzusidagi seminarda muhokama qilinmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Birorta hududni ham, tarmoqni ham zamonaviy ilm va bilimlarsiz rivojlantirib bo‘lmaydi”. Bu tamoyil suv ta’minoti tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, yangi inshootlarni ishga tushirish va mavjud ob’ektlarni modernizatsiya qilish jarayonida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Jumladan, 2026-yilgi Investitsiya dasturiga “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan 23 ta loyiha kiritilgan. Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 21 ta loyiha doirasida 350,6 million dollar mablag‘ o‘zlashtirildi. Natijada 461,5 kilometr ichimlik suvi va 234 kilometr oqova suv tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 11 ta suv hamda 2 ta oqova suv inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar hududlarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini oshirish va oqova suv xizmatlari qamrovini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida sutkasiga 40 ming kub metr, To‘rtko‘l tumanida esa 140 ming kub metr suvni tozalash quvvatiga ega “Mangit” va “Tuyamo‘yin” inshootlari qurilishi yakunlandi. Shuningdek, Nukus tumanidagi Nukus, Madaniyat, Abadan va Kerder suv taqsimlash inshootlari ham foydalanishga topshirildi.

Buning natijasida ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi Amudaryo tumanida 22,5 foizdan 54,1 foizga, Nukus tumanida esa 43,4 foizdan 87,3 foizga yetdi.
Chirchiq shahrida Osiyo taraqqiyot bankining 22,7 million dollar kredit mablag‘lari hisobidan sutkasiga 130 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega inshoot rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Natijada markazlashgan oqova suv xizmati qamrovi 61 foizdan 89 foizga oshirilib, 240 ming nafar aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati yaxshilandi.

Yilning to‘rtinchi choragida 23 ta loyiha doirasida yana 162,6 million dollar mablag‘ o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar jami 862 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini tortish, 20 ta inshootda qurilish-montaj ishlarini bajarish ko‘zda tutilgan.
Albatta, bunday ko‘lamdagi ishlar nafaqat qurilish va modernizatsiya sur’atlarini, balki sohada mehnat qilayotgan xodimlarning bilim va malakasini ham muntazam oshirib borishni taqozo etadi.

Bugungi kunda “O‘zsuvta’minot” AJ tizimida 27 ming 50 nafar xodim mehnat qilmoqda. Ularning 4 ming 310 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Tizimda xodimlarning kasbiy bilimlarini yangilash, muhandislik va boshqaruv ko‘nikmalarini mustahkamlash, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan o‘quv dasturlari amalga oshirilmoqda.
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 1 ming 531 nafar xodim malaka oshirdi. Ularning 1 ming 438 nafari “O‘zsuvta’minot” AJ Ilmiy-o‘quv markazida, 93 nafari esa xorijiy davlatlarda tahsil oldi. Ilmiy-o‘quv markazidagi mashg‘ulotlarda 948 nafar mutaxassis an’anaviy, 490 nafari masofaviy ta’lim shaklida qatnashdi. Bu usul hududlardagi xodimlarga ish joyidan uzoqlashmagan holda kasbiy bilimlarini oshirish imkonini bermoqda.

O‘quv dasturlarida ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda inshootlaridan foydalanish, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish jarayonlarini samarali tashkil etish kabi amaliy masalalar qamrab olingan. Mashg‘ulotlarga muhandis-texnik xodimlar, bosh muhandislar va ularning o‘rinbosarlari, tuman va shahar korxonalari rahbarlari jalb qilinmoqda.
Xalqaro tajribani o‘rganish ham kadrlar salohiyatini oshirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Jumladan, Janubiy Koreyaning K-water kompaniyasi va KOICA bilan hamkorlik doirasida mutaxassislar zamonaviy suv ta’minoti texnologiyalari va boshqaruv usullari bilan tanishdi. Shuningdek, 600 nafar xodim tavsiyanoma asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinib, muhandislik, irrigatsiya, qurilish va boshqa yo‘nalishlarda tahsil olmoqda.

Yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini o‘rganish va kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ularda yoshlarning takliflari, ish jarayonida uchrayotgan muammolari va kelgusi rejalari muhokama qilindi.
Seminar doirasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, masofaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va ilg‘or xorijiy tajribani mahalliy sharoitga tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratiladi.

Zero, suv ta’minoti sohasidagi har bir yangi loyihaning samarasi nafaqat qurilgan inshoot va tortilgan tarmoqlar, balki ulardan samarali foydalanishni ta’minlaydigan mutaxassislarning bilimi, malakasi va mas’uliyati bilan ham belgilanadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA