Shinjonda sho‘rlangan yerda gektaridan 13 tonnadan ortiq sholi hosili olindi
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli sholi navidan yuqori hosil olindi. Sinov natijalari murakkab tuproq sharoitida ham hosildorlikni oshirish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatdi. Bu tajriba suv resurslaridan oqilona foydalanish va unumdorligi past yerlarni qishloq xo‘jaligiga samarali jalb etish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir.
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni janubidagi Qashg‘ar shahrida o‘tkazilgan sinovlarda “Xaydao-11” sholi navining hosildorligi gektariga 13,03 tonnani tashkil etdi. Manbada qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich mintaqa uchun yangi rekord hisoblanadi.
Mazkur natija tajriba maydonida hosildorlikni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan baholashdan so‘ng e’lon qilindi. Mutaxassislar maydon hajmini o‘lchab, hosilni yig‘ib oldi, yanchdi va quritdi. Keyin donning vazni hamda namlik darajasini aniqlash orqali hosildorlik ko‘rsatkichini hisobladi.

“Xaydao-11” – ko‘p yillik seleksiya ishlari natijasida yaratilgan yangi sholi navi. U tuproq sho‘rlanishi va qurg‘oqchilikka chidamliligi, kasalliklarga bardoshliligi hamda don sifati bilan ajralib turadi. Mutaxassislar ushbu navni Shinjon janubidagi o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan yerlarda yetishtirish uchun istiqbolli deb baholamoqda.
Navning yana bir muhim xususiyati an’anaviy mahalliy sholi navlariga nisbatan sug‘orish me’yorini 10-15 foizga kamaytirish imkoniyatidir.

Qashg‘ar hududi katta yer resurslariga ega bo‘lsa-da, tuproq sho‘rlanishi qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga uzoq vaqt davomida to‘sqinlik qilib kelgan. Yangi nav bilan o‘tkazilgan sinovlar murakkab tuproq sharoitida ham yuqori hosil olish mumkinligini ko‘rsatdi.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish masalalari dolzarb bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham bunday tajriba amaliy ahamiyatga ega. Sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli ekin navlarini joriy etish suv sarfini kamaytirish, unumdorligi past yerlardan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.
Nilufar Bozorova, O‘zA