Suv, iqlim va oziq-ovqat xavfsizligi - mintaqaviy muloqotning asosiy mavzusi
Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar dunyo davlatlari oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning muhim tarmog‘i hisoblangan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu yo‘nalishdagi hamkorlik va tajriba almashinuvi tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Tojikiston Respublikasida bo‘lib o‘tgan FAOning Yevropa uchun 35-mintaqaviy konferensiyasida ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida tashkil etilgan Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi vazirlarining to‘qqizinchi yig‘ilishi mintaqaning agrar siyosati, sohadagi mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Yig‘ilishda vazir Ibrohim Abdurahmonov mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Ta’kidlanganidek, globallashuv jarayonlari va iqlim o‘zgarishining kuchayishi qishloq xo‘jaligi tizimlarini jiddiy sinovlarga duch keltirmoqda. Shu bois yig‘ilishda iqlimga mos qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, suv resurslari taqchilligi sharoitida samaradorlikni oshirish ham dolzarb vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Vazir suv tejovchi texnologiyalar, raqamli monitoring tizimlari va aqlli sug‘orish usullarini keng joriy etish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Mutaxassislar fikricha, bunday yondashuv nafaqat suvdan oqilona foydalanish, balki qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sishni ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Umuman olganda, mazkur yig‘ilish Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni kuchaytirish va umumiy muammolarga birgalikda yechim topish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA