Harbiy xizmatchilarning huquqiy, ijtimoiy himoyasi mustahkamlanadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasidan maqsad harbiy xizmatchilarning huquqlari, erkinliklari, majburiyatlari va javobgarligini belgilashdan iborat. Shuningdek, harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatdan bo‘shatilgan fuqarolar va ularning oila a’zolarini, shuningdek, xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan (vafot etgan) hamda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qayd etilganidek, loyihaning qabul qilinishi natijasida harbiy xizmatchilarning maqomi va huquqiy holatini tartibga solishda yagona huquqiy mexanizm belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasida Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilari (xodimlar) va ular oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimi yaratiladi.
Muhokamalarda deputatlar bir qator taklif va mulohazalar bildirdi. Xususan, harbiylar farzandlariga o‘qishga kirishida imtiyoz berish bilan bog‘liq normaga e’tiroz bildirildi.

– Harbiylar farzandlarining ijtimoiy himoyasiga qarshi emasmiz, – dedi deputat Bekmirza Eshmirzayev. – Lekin malakali kadrlar tayyorlash nuqtai nazaridan harbiylar farzandlari o‘z kuchi, ya’ni iqtidori bilan o‘qishga kirganidan so‘nggina qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Chunki, oliy ta’limda hech qanday imtiyoz bo‘lmasligi kerak.
Qizg‘in muhokama va takliflardan so‘ng tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA