Superligada bugun 13-tur yakunlanadi
O‘zbekiston Superligasining 13-tur uchrashuvlari qizg‘in va murosasiz kurashlar ostida davom etmoqda. Turning ilk kunlarida qayd etilgan natijalar chempionatdagi raqobat tobora keskinlashayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Muborakdagi uchrashuvda tur peshqadamlaridan biri sanalgan «Nasaf» mahalliy «Mash’al» maydonida muhim ikki ochkoni yo‘qotdi. Hisob 1:1 ko‘rinishida yakunlanib, mezbonlar irodali o‘yini bilan kuchli raqibdan ochko tortib oldi.
Qo‘qonda esa turning eng yirik g‘alabalaridan biri qayd etildi. Olmaliqning «OKMK» jamoasi «Qo‘qon-1912»ni 4:1 hisobida mag‘lub etib, chempionlik uchun kurashdagi da’vosini yana bir bor tasdiqladi. Mehmonlar hujumda samarali harakat qilib, raqibga deyarli imkoniyat qoldirmadi.
Toshkentdagi «Lokomotiv» – «Andijon» bahsi esa muxlislarga haqiqiy futbol tomoshasini taqdim etdi. Olti gol urilgan uchrashuvda g‘olib aniqlanmadi va jamoalar maydonni 3:3 hisobidagi jangovar durang bilan tark etdi.
[gallery-30523]
13-tur bahslari 23-iyul kuni ham davom etadi. Bu gal futbol ixlosmandlarini yana ikki qiziqarli to‘qnashuv kutmoqda. Namanganda «Navbahor» o‘z maydonida «Qizilqum»ni qabul qilsa, Termizda «Surxon» Samarqandning «Dinamo» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Mazkur uchrashuvlar natijalari turnir jadvalidagi joylashuvga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, yuqori pog‘onalar uchun kurashayotgan jamoalarning har bir ochkosi mavsumning hal qiluvchi pallasida katta ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA