Sport vaziri Yangi Toshkent stadionining qurilish jarayoni bilan tanishdi
Shu kunlarda Yangi Toshkent hududida FIFA talablari asosida Osiyodagi eng zamonaviy futbol arenalaridan biri qad rostlamoqda.
55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan 6 qavatdan iborat mazkur zamonaviy stadionning qurilishiga 2025-yil 11-noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan tamal toshi qo‘yilgandi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov qiymati 100 million AQSH dollaridan iborat stadionda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Aytish lozimki, stadion hududida 3 ta qo‘shimcha mashg‘ulot maydoni, 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh, metro bekati hamda tomoshabinlarning qulay harakatlanishi uchun 10 dan ortiq eskalator barpo etilishi nazarda tutilgan.
Mazkur sport majmuasi 2027-yili O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan FIFA U-20 Jahon chempionati uchrashuvlariga mezbonlik qiladigan asosiy stadionlardan biri sanaladi.

Qurilish va bunyodkorlik ishlarini olib borayotgan quruvchi va muhandislar amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Quruvchi va muhandislar bilan suhbat jarayonida ushbu betakror stadion va uning tizimidagi majmualar mamlakatimizda futbolning va yoshlar sporti rivojiga xizmat qiladigan muhim maskanlardan biri bo‘lishi ta’kidlandi.
Muloqot davomida qurilish jarayonini belgilangan muddatlarda va sifatli yakunlash, standartlarga rioya etish zarurligi aytilib, infratuzilma ob’ektlarining kommunikatsiya va texnik tuzilmalari yuzasidan zarur tavsiyalar bildirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA