Sun’iy intellekt bo‘yicha yangi avlod mutaxassislari tayyorlanmoqda
Buxoro viloyatida davlat boshqaruvini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Viloyat hokimligi Raqamli boshqaruv markazida shahar va tuman hokimlarining sun’iy intellekt hamda raqamlashtirish bo‘yicha maslahatchilari uchun malaka oshirish o‘quv kurslariga start berildi.
Davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘iga asosan barcha vazirlik va hokimliklarda o‘z tuzilmasida sun’iy intellektni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan alohida bo‘linma tashkil qilindi va ularning oldiga, eng avvalo, ish samaradorligi va xizmat sifatini oshirish, ortiqcha xarajat, “yashirin” iqtisodiyot va byurokratiyani qisqartirish kabi masalalarga sun’iy intellekt orqali yechim topish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.
Mazkur o‘quvlarda shahar va tuman hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari ham masofaviy formatda ishtirok etishib, raqamli boshqaruv sohasidagi eng so‘nggi bilim va tajribalar bilan tanishishmoqda. Bu esa hududlarda raqamli islohotlarni bir xil yondashuv asosida amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni boshqaruv tizimiga samarali tatbiq etishga xizmat qiladi.

O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilarga sun’iy intellekt texnologiyalarining nazariy asoslari, uni davlat idoralari, korxona va tashkilotlar faoliyatida qo‘llash imkoniyatlari, generativ sun’iy intellekt vositalaridan unumli va xavfsiz foydalanish usullari hamda “Raqamli mahalla” axborot tizimining funksional imkoniyatlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berilmoqda. Shu bilan birga, raqamli xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish, qaror qabul qilishda ma’lumotlarga asoslangan yondashuvni kuchaytirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etilgan.
Bugungi kunda sun’iy intellekt dunyo iqtisodiyoti va davlat boshqaruvining eng muhim drayverlaridan biriga aylanib bormoqda. Shu bois mahalliy boshqaruv organlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bu sohadagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash kelgusida raqamli hukumat tizimini yanada rivojlantirish, aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va boshqaruv samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Buxoroda yo‘lga qo‘yilgan mazkur o‘quv kurslari nafaqat mutaxassislarning malakasini yuksaltirish, balki raqamli fikrlash madaniyatini shakllantirish, innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq etish va Yangi O‘zbekistonning raqamli taraqqiyot strategiyasini hayotga izchil joriy etishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bugungi kunning emas, balki ertangi taraqqiyotning asosiy tayanchi hisoblanadi. Buxoro viloyatida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar hududda raqamli boshqaruvning yangi bosqichini boshlab berib, aholi uchun qulay, tezkor va shaffof davlat xizmatlarini yaratish yo‘lida muhim poydevor vazifasini o‘taydi. Bu esa Buxoroni innovatsiyalar va raqamli yechimlar markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri