O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Hasan Salihov tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmon Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamrohligida institutning ta’lim jarayonlari, moddiy-texnik bazasi hamda hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab institutning O‘quv teatri faoliyati ko‘zdan kechirildi. Mazkur maskanda talabalarning amaliy mashg‘ulotlari, sahna asarlarini tayyorlash va ijodiy loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud texnik jihozlar hamda ularning bugungi kundagi holati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, teatrning zamonaviy sahna texnologiyalari bilan yanada boyitilishi, yosh ijodkorlarning amaliy tajribasini oshirishga xizmat qiluvchi imkoniyatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng institutdagi zamonaviy auditoriyalar va o‘quv xonalari ko‘zdan kechirildi. Auditoriyalarda yaratilgan sharoitlar, ta’lim jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish darajasi, o‘quv-uslubiy ta’minot hamda professor-o‘qituvchilar va talabalarga yaratilayotgan qulayliklar bilan tanishildi. Ta’lim sifatini yanada oshirish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif doirasida talabalar turar joyi ham ko‘zdan kechirilib, undagi yashash sharoitlari, maishiy xizmatlar, dam olish va mustaqil ta’lim olish uchun yaratilgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar uchun yanada qulay va zamonaviy muhit yaratish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiluvchi infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, institut hududidagi suv havzasi, yashil hududlar hamda obodonlashtirish ishlari bilan tanishildi. Hududning ekologik holatini yaxshilash, landshaft dizaynini takomillashtirish, dam olish maskanlarini zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish hamda hududdan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida institutni kompleks rivojlantirish istiqbollari, mavjud infratuzilmani modernizatsiyalash, o‘quv va ijodiy jarayonlar uchun zamonaviy sharoitlarni yanada yaxshilash, xalqaro standartlarga mos ta’lim muhitini shakllantirish hamda talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, institut hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish, rekonstruksiya va obodonlashtirish loyihalarining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Mas’ul rahbar va mutasaddilarga mavjud imkoniyatlardan oqilona va samarali foydalanish, belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, institutning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ta’lim hamda ijodiy faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, san’at va madaniyat sohasida malakali, zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tayyorlashda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, ularda yaratilayotgan sharoitlarni muntazam takomillashtirib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova, O‘zA