Eng zamonaviy arxitektura talablari asosida qurib bitkazilgan mazkur bino meʼmoriy jihatdan koʻrkamligi bilan diqqatga sazovor.
Bugun OAV xodimlari uchun Toshkent shahri Olmazor tumani Talabalar shaharchasida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosiga press-tur tashkil etildi.
Eng zamonaviy arxitektura talablari asosida qurib bitkazilgan mazkur bino meʼmoriy jihatdan koʻrkamligi bilan diqqatga sazovor. Bino yertoʻla qavati bilan birga 6 qavatdan iborat boʻlib, atrofida innovatsion bogʻ ham barpo qilingan.
Binoda koʻrgazmalar zali, amfiteatr, yosh ixtirochilar xonasi, axborot boʻlimi, zamonaviy kutubxona, qahvaxona, bolalar xonasi, fuqarolar qabulxonasi tashkil qilingan.
Shuningdek, Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy amaliy markazi, robototexnika va mexatronika, uchuvchisiz parvoz etuvchi qurilmalar, sanoat sohasidagi internet buyumlari, 5G yangi avlod tarmoqlari boʻyicha 4 ta yangi zamonaviy laboratoriyalar mavjud.
Yangi binodan Ilmiy-texnik axborot markazi, OʻzMU huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi, “Innovatsiyalar va boshqaruvda yechimlar” laboratoriyasi, 12 ta startap xonasi ham oʻrin olgan.
Bundan tashqari inshootda vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun xonalardan tashqari, 170 oʻrinli majlislar zali, 2 ta 60 oʻrinli tadbirlar zallari va 3 ta uchrashuv xonalari mavjud.

Binoda aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish boʻyicha 2 ta yangi oʻquv laboratoriyalari, xodimlar uchun trenajyor va tibbiy xizmat koʻrsatish xonalari ham tashkil qilingan.
Bino tashqarisidagi innovatsion bogʻda 24 turdagi manzarali daraxtlar va gullar, favvora, yozgi amfiteatr va 2 ta innovatsion loyihalar va texnologiyalarni taqdimot qilish maydonchalari mavjud.
Interfaol koʻrgazma zali – “Showroom” yetakchi xorijiy va mahalliy kompaniyalarda ishlab chiqarilayotgan innovatsion mahsulotlar, startap loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot beradi. U turli sohalardagi 37 ta loyihani qamrab oluvchi 8 ta blokdan iborat.

Masalan, robototexnika burchagida yetakchi xorijiy kompaniyalarning robotlari joylashtirilgan. Bu yerga keluvchilar robotlarni yasashi yoki boshqarib koʻrishi mumkin. Sohani chuqurroq oʻrganish istagida boʻlganlar oʻrganishlarini ikkinchi qavatdagi robototexnika oʻquv-tadqiqot laboratoriyasida davom ettiradi.
Press-turda maʼlumot berilishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi Isroilning “Maya International” kompaniyasi bilan sunʼiy yoʻldosh orqali quvurlardan suv sizishini aniqlaydigan, shahar magistral quvur tizimlarini yerni kovlamasdan turib yangi avlod polimer yordamida taʼmirlash imkoniyatini beradigan texnologiya transferini amalga oshirdi.
– Texnologiya sunʼiy yoʻldosh orqali biror hududdagi quvurlarning teshilishi, suv va gaz sirqishi nuqtalarini aniqlaydi – deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi Baxtinur Xudanov. Dastlabki sunʼiy yoʻldosh orqali amalga oshirilgan ishlar natijasida Toshkent shahridagi quvurlar teshilishi va suvning sirqishi nuqtalarining miqdori aniqlandi. Har bir sirqish nuqtasi atrofida esa bir nechta teshik va yoriqlar boʻlishi, jumladan, sirqish nuqtalari amalda 4 baravar ortiqni tashkil etishi maʼlum boʻldi.

Press-tur ishtirokchilariga robototexnika, texnologiyalar transferiga tegishli va Yoshlar akademiyasi aʼzolarining loyihalari, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, davlat boshqaruvidagi innovatsiyalardan namunalar namoyish etiladi, “aqlli” bank faoliyati haqida maʼlumot berildi.
– Misol uchun Niderlandiyada texnologiyasi boʻyicha ishlab chiqarilgan “Qray Cam” qurilmasi tibbiyotda qoʻllashga moʻljallangan boʻlib, tishlarning tozalik darajasi, tish kariyesini rentgen koʻra olmaydigan bosqichida aniqlaydigan innovatsion qurilma – deydi B.Xudanov. Tishlardagi boshlangʻich kariyesni qora rangda aniqlab, uning qanchalik chuqur ketayotganini raqamlarda koʻrsatadi. Tishlarning yuvilmay qolgan qismlaridagi kariyes chaqiruvchi bakteriyalarni qizil rangda belgilab, tishlarning gigiyenik darajasini 5 ballik shkala boʻyicha kompyuterda koʻrsatib beradi.
Yana bir “Q-scan” uskunasi esa Koreya texnologiyasi asosida tayyorlangan va qurilma tibbiyotda ogʻiz boʻshligʻi gigiyenik holatini aniqlash boʻyicha innovatsion yondashuvdir. Ogʻiz boʻshligʻida aniqlanadigan har qanday kariyes va uning asoratlarini qizil rangda belgilab beradi. Qurilmadan maktabgacha taʼlim muassasalarida, maktablarda, uy sharoitida foydalanish mumkin. Bolalar tishlarining yaxshi yuvilmagan qolgan joylarini oʻzlari tekshirib koʻrib, tozalashni kuchaytirishlariga yordam beradi.
Yana bir koʻrgazmamiz, mazkur aqlli tish choʻtkasi esa smartfonga Bluetooth orqali osonlik bilan ulanadi va tishlarni toʻgʻri yuvishni oʻrgatadi. Bunda maxsus sensor-datchiklar qoʻllaniladi va real vaqtda tishlarni qanday yuvayotganingizni nazorat qilib boradi. IOS va Android platformasida ishlovchi dastur tishlarni 3D formatda koʻrsatib turadi va qanday yuvayotganingizga qarab ball berib boradi. Bunda shifokorlar toʻplangan ballarga koʻra inson ogʻiz boʻshligʻi gigiyenasi haqida maʼlumot olishi mumkin.
Tibbiyotdagi innovatsiyalar, Yoshlar akademiyasi aʼzolarining loyihalari, gʻoʻzaning vilt kasalligiga chidamli yangi navlarini yaratish, gen-nokaut texnologiyasi yordamida kartoshka va bugʻdoy hosildorligini oshirish, Koreya texnologiyasi asosida qishda qovun yetishtirishga moʻljallangan issiqxona loyihalari Innovatsion rivojlanish vazirligining istiqbolli loyihalari sirasiga kiradi.
– Yoshlar akademiyasi aʼzolarining ayrim loyihalari xususida maʼlumot bermoqchiman – deydi akademiya yetakchi mutaxassisi Hamidulla Habibullayev. “Lotus engineering” havoni tozalash loyihasi boʻlib, u viruslardan, mikroblardan, kimyoviy chiqindilardan, havoda mavjud kimyoviy zararli qorishmalardan va moddalardan havoni tozalab berish uchun ishlab chiqilgan sanoat mahsuloti. Qurilma ifloslanish darajasi yuqori boʻlgan hududlardagi havoni turli zararli moddalardan tozalash uchun ishlatilishi mumkin. Yana bir innovatsion loyihamiz bu – “Doc-Box” qurilmasi.
U imkoniyati cheklangan va yoshi katta insonlar uchun dori vositalarini oʻz vaqtida va qancha miqdorda qabul qilishlarini eslatib turish hamda yetkazib berish vazifasini bajaruvchi maxsus uskuna. Qurilmamizni qariyalar uyida, shifoxonalarda, darajasi yuqori boʻlgan hududlardagi havoni turli zararli moddalardan tozalash uchun ishlatish mumkin. Boshqa bir “XUMO C1” loyihasi esa, erish harorati 720Co dan1600Co gacha boʻlgan barcha rangli va qimmatbaho metallarga ishlov berishning eng samarali yoʻllarida biri boʻlib, maxsus gips qolipda shakl berish imkoniyati mavjud.
Uskunani ayni paytda zargarlik, stomatologiya, medalsozlik, suvenirlar ishlab chiqarish va kichik konstruktorlik ishlarida qoʻllash imkoniyati mavjud. “Sky project” virtual parashyut trenajyori yordamida esa desantchi, parashyut sportchilari, favqulodda vaziyat xodimlari mashq oʻtkazishi mumkin. U virtual koʻzoynak, shamol immitatsiyasi, parashyut sumkasi, pasayishni immitatsiya qiluvchi gidravlik koʻtargich, klevantalar bilan jihozlangan boʻlib, mudofaa sohasi, favqulodda vaziyatlar tizimida qoʻllash mumkin. Vazirlikning yangi, zamonaviy binosidagi interaktiv studiyada onlayn darslar, vebinarlar oʻtkazish, videodarslar yozish mumkin. Bu studiya “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarni oʻqitish, masofaviy muloqot orqali joylardagi mutaxassislar malakasini oshirishda ham qoʻl keladi.
Maʼlumot uchun: Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani taʼminlash uchun zarur tizim yaratilgan. Ilmiy-tadqiqot muassasalari va olimlarning innovatsion gʻoya va loyihalari qoʻllab-quvvatlanib, qiymati 28,2 milliard soʻmlik 31 ta startap loyiha moliyalashtirildi. Xalqaro hamkorlik doirasida hozirgi kunda Germaniya, Rossiya va Belarusdagi sheriklar bilan 9,6 milliard soʻmlik 38 ta qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda.