Sportchilarga bayram tuhfasi topshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni ommaviy sport mashg‘ulotlariga keng jalb etish hamda ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratilgan xayrli va amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Belgilangan rejaga muvofiq, Sport vazirligi tomonidan hududlar sari yo‘lga chiqqan “Sport karvonlari” o‘z manzillariga yetkazilmoqda.
Bugungacha sport jihozlari, inventarlar, yosh sportchilar uchun mo‘ljallangan sport kiyimlarini jamlagan “Sport karvoni” tadbirlari Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘tarinki ruhda, bayramona tashkil etildi.

Xususan, Buxoro viloyatidagi sport ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va sport turlari bilan muntazam shug‘ullanayotgan yosh sportchilar uchun 8 ming donaga yaqin sport kiyimlari hamda 9 turdagi 1283 dona sport inventarlari olovqalb sportchi yoshlarga taqdim etildi.
Buxoro shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida o‘tkazilgan bayram tadbirida ishtirok etgan mutasaddilar, mas’ullar, sport ta’lim muassasalari vakillari, murabbiylar, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari hamda yosh sportchilar mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yosh avlodni jismonan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida keyingi yillarda yoshlarimiz orasidan yetishib chiqayotgan yangi chempionlar avlodi jahon sport maydonlarida yanada yorqinroq g‘alabalarga erishayotganini e’tirof etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida Sport vazirligi tomonidan taqdim etilgan zamonaviy sport jihozlari, inventarlar hamda sport kiyimlari hududlardagi sport maktablariga belgilangan tartibda topshirilishi joylarda, mahalla va ta’lim muassasalarida haqiqiy bayram ko‘rinishini oldi.

Sport vazirligi tomonidan samarqandlik yoshlar uchun taqdim etilgan to‘qqiz turdagi 1 500 dan ortiq zamonaviy sport jihozlari, anjomlari va 10 mingdan ortiq sport kiyimlari viloyatdagi sport maktablari hamda ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasalariga topshirildi.

Yangi jihozlar sportchilarning mashg‘ulotlarini yanada sifatli va samarali tashkil etish bilan birga, joylarda sport turlarini rivojlantirish va yuqori natijalarga erishish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Zero, bugun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar ertaga xalqaro sport maydonlarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taradigan chempionlar safini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA