Futbol xabarlari
Jahon futbol maydonlarida o‘zbekistonlik legionerlar yana bir bor o‘z mahoratini namoyish etdi. Abduqodir Husanov Angliya Superkubogi bahsida to‘liq o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, Turkiyada Eldor Shomurodov gol urdi, Abbosbek Fayzullayev esa samarali uzatmasi bilan ajralib turdi.
“Arsenal” — Angliya Superkubogi sohibi. Premer-liganing amaldagi g‘olibi “Arsenal” mamlakat kubogi sohibi “Manchester Siti”ni 3:0 hisobida mag‘lub etib, Angliya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvda Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida to‘liq 90 daqiqa harakat qildi va 6,9 bahoga loyiq ko‘rildi.
***
Shomurodov gol urdi, Fayzullayev assist qayd etdi. Turkiya Superligasining 1-turida “Bashakshehir” “Kojaelispor”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Unda hamyurtlarimiz Abbosbek Fayzullayev 14-daqiqada assist qayd etgan bo‘lsa, Eldor Shomurodov 72-daqiqada jamoasining ikkinchi golini urdi. Abbosbek 63, Eldor esa 75-daqiqada zaxiraga olindi.
***
Arteta beshinchi sovrinini qo‘lga kiritdi. Mikel Arteta “Arsenal” bosh murabbiyi sifatida beshinchi sovriniga ega chiqdi. Ispaniyalik mutaxassis “Arsenal” bilan 2020-yilda Angliya kubogi va Superkubogini, 2023-yilda Superkubokni, 2026-yilda Premer-liga va Superkubokni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u futbolchi sifatida ham londonliklar bilan 2-marta Angliya kubogi va 2-marta Superkubok g‘olibi bo‘lgan.
***
OCHL Elitda qur’a tashlanadi. Osiyo chempionlar ligasi Elit turnirining liga bosqichiga qur’a tashlash marosimi 18-avgust kuni Toshkent vaqti bilan 13:00 da Kuala-Lumpurda o‘tkaziladi. Musobaqada O‘zbekistondan “Paxtakor” va mamlakat chempioni “Neftchi” ishtirok etadi.
***
“Lans” tarixda ilk bor Fransiya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bahsda “Lans” amaldagi chempion PSJni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona golni 32-daqiqada Toven kiritdi. Shu tariqa, klub o‘z tarixida birinchi marta Fransiya Superkubogi sohibi bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA