Sport fidoyisi 80 yoshda
Mamlakatimizda Olimpiya harakatini keng targ‘ib etishda, o‘zbek sportining xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda turli sohalar, xususan sport mavzusidagi filmlari va fotosuratlari bilan keng jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan Anvar Avazxo‘jayevning o‘ziga xos o‘rni bor.

Poytaxtimizdagi “Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida mamlakatimiz sporti rivoji yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan A.Avazxo‘jayevning 80 yosh yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari, O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mutasaddilari u kishining uzoq yillik faoliyati davomida tarix, madaniyat va sport sohalarida boy meros qoldirgani, xususan, 7 ta yozgi va 1 ta qishki Olimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari va jahon chempionatlari kabi nufuzli sport musobaqalaridagi g‘alabalarni tarixga muhrlaganini alohida ta’kidladi.

A.Avazxo‘jayev faoliyati davomida 400 dan ortiq film yaratgan. Uning o‘zbek sportiga bag‘ishlangan ijod namunalari xalqaro tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallagan.
Uzoq yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etilib, “Do‘stlik” ordeni va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

T.Ro‘ziyev, O‘zA