Mundial: O‘zbekiston pley-offga chiqish uchun hal qiluvchi bahsda
XXIII Jahon chempionati guruh bosqichining hal qiluvchi uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi ham pley-offga chiqish ilinjida uchinchi turda maydonga tushadi. Xo‘sh, bugungi o‘yinlar kimlarni keyingi bosqichga olib chiqadi?
Futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionati guruh bosqichining uchinchi tur uchrashuvlari davom etadi. AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkazilayotgan mazkur bahslar mamlakatimiz vaqti bilan 28-iyun tongiga to‘g‘ri keladi. «J», «K» va «L» guruhlarida pley-off yo‘llanmalari egalari aniqlanadi.
Dastlab, «L» guruhida Panama Angliya bilan, Xorvatiya esa Ganaga qarshi maydonga tushadi. Har ikki uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 02:00 da boshlanadi. Ayni paytda Angliya va Gana 4 ochkodan to‘plab, guruh peshqadamlari bo‘lib turibdi. Xorvatiya hisobida 3 ochko mavjud, Panama esa hali ochko jamg‘armagan.
Ushbu guruhda Angliyani pley-offga chiqish uchun durang natija ham qoniqtiradi. Xorvatiya — Gana uchrashuvi g‘olibi esa keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Shu bois mazkur bahs turning eng murosasiz o‘yinlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
«K» guruhidagi hal qiluvchi uchrashuvlar soat 04:30 da start oladi. Unda Kolumbiya Portugaliya bilan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bahs olib boradi.

Milliy terma jamoamiz uchun mazkur uchrashuv hal qiluvchi ahamiyatga ega. O‘zbekiston pley-off yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirish maqsadida Kongo Demokratik Respublikasi ustidan imkoni qadar yirik hisobda g‘alaba qozonishi va boshqa uchrashuv natijasi ham o‘z foydasiga shakllanishini kutishiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston hamda Kongo DR terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni germaniyalik tajribali FIFA hakami Feliks Svayer boshqarib boradi. Qanotlarda unga hamyurtlari Robert Kempter va Kristian Dits yordam beradi.
Shuningdek, uchrashuvning to‘rtinchi va beshinchi rasmiy hakamlari sifatida ispaniyalik mutaxassislar — Alexandro Ernandes hamda Diego Sanches faoliyat olib borishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Kongo DR milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv Atlantadagi “Atlanta” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Kolumbiya — Portugaliya bahsida esa har ikki jamoani durang natija qoniqtiradi. Biroq, Kolumbiya yirik hisobda g‘alaba qozonsa va Kongo Demokratik Respublikasi O‘zbekiston ustidan ishonchli zafar quchsa, Portugaliya guruhda uchinchi o‘ringa tushib qolishi mumkin.
Kunning so‘nggi bahslari «J» guruhida o‘tkaziladi. Unda Jazoir Avstriya bilan, Iordaniya esa amaldagi Jahon chempioni Argentina bilan kuch sinashadi. Bu uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da boshlanadi.

Mazkur guruhda asosiy e’tibor Jazoir — Avstriya bahsiga qaratiladi. Zero, har ikki jamoa hisobida 3 tadan ochko bor va g‘olib jamoa pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Bu o‘yinni hamyurtimiz Ilgiz Tantashev boshqarib boradi. Unga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam beradi.
Argentina esa ilk ikki turdan so‘ng 6 ochko jamg‘arib, keyingi bosqich masalasini hal qilgan. Iordaniya uchun esa mazkur bahs Jahon chempionatidagi so‘nggi uchrashuv bo‘ladi
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA