“So‘zmunchoq” rukni ostida chop etilgan kitoblar taqdimoti
Bugun kitob targ‘ibotiga moliyaviy tuzilmalar ham faol hissa qo‘shmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan VI Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “Adabiyot” nashriyotida “So‘zmunchoq” rukni ostida chop etilgan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Asakabank” tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Sayfiddin Okanovning “Toshloq ko‘chalar”, Bahodir Bahromning “Gulimoh”, Iroda Umarovaning “Garashalik ko‘ngil”, Anvar Botirning “Uch”, Navoiylik Alisherning “Burch”, Yulduz O‘rmonovaning “Axtarim”, Bobur Elmurodovning “Tajohul ul-Orif”, Ravshan Haqmurodning “Hadik” va Nargiza Asadovaning “Qushlar salovati” kitoblari taqdimoti bo‘ldi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Milliy kutubxona direktorining o‘rinbosari Nasiba Xoldorova va boshqalar “So‘zmunchoq” loyihasining mohiyati, uning g‘oyasi va yosh ijodkorlarni rag‘batlantirishdagi ahamiyati haqida so‘zladi.
“So‘zmunchoq” rukni ostida chop etilgan kitoblar bilan tanishib, yosh shoirlar ijodining rang-barangligi, she’rlar jamiyatimizning barcha sohalariga daxldorligi, dolzarb mavzularning poetik mahorat bilan e’tirof etilgani, yurtimiz jamoli kuchli his-hayajon va katta mehr bilan tarannum etilganini anglash mumkin.

N.Usmonova, O‘zA