Milliy tasviriy va amaliy san’atimizni taqdim etuvchi xalqaro loyiha
Joriy yil 20-24-aprel kunlari Badiiy akademiya tashabbusi bilan Toshkent shahri va respublikamiz bo‘ylab Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasida festival oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Badiiy akademiya mutasaddilari tomonidan xalqaro san’at festivalini o‘tkazish to‘g‘risida axborot berildi.
Badiiy akademiya raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov mamlakatimizda san’at ravnaqiga keyingi yillarda tobora ko‘proq e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi.

Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi, 2020-yil 21-apreldagi tegishli qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3-apreldagi bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida Badiiy akademiya va qator vazirlik, tashkilotlar, xorijiy diplomatik vakolatxonalar hamkorligida respublikamiz bo‘ylab o‘tkaziladi.
Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali milliy san’atimiz, boy merosimizni targ‘ib etish, o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati yutuqlarini keng tanitish, ijodiy almashinuv, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, zamonaviy tasviriy va amaliy san’atda kechayotgan dolzarb jarayonlarni o‘rganish orqali turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga, jahon miqyosida ijodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Festivalda Toshkent shahri, viloyat markazlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘rgazma zallarida taniqli xorijiy va mahalliy ijodkorlar, ustalarning saralangan asarlari asosida ko‘rgazmalar, mahorat darslari, badiiy dastur namoyishlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro ilmiy konferensiyalar, oliy va o‘rta, ixtisoslashgan va umumiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning ijodiy loyihalari (ko‘rgazmalar, mahorat darslari, liboslar ko‘rigi) namoyishi tashkil etiladi.
Bu yil mahalliy ijodkorlarimiz qatorida Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Turkiya, Fransiya, Ruminiya, Rossiya Federatsiyasidan va TURKSOY tashkilotiga a’zo davlatlardan rassomlar qatnashayapti.
Tomoshabinlar poytaxtimizda 9 ta xorijiy loyihani ko‘rishlari mumkin. Bular Koreya Respublikasi Kemyong universiteti professor va talabalari badiiy dasturi, Xitoy Xalq Respublikasining Xubey nafis san’at instituti ko‘rgazmasi, Lanchjou universiteti ko‘rgazmasi, turkiyalik Burju Gyunayning zamonaviy san’atga oid shaxsiy ko‘rgazmasi, fransiyadan Erik Gurlanning Orol dengizi mavzusida fotoko‘rgazmasidir.

Shuningdek, Rossiyadan Irina Kovalenko loyihasi asosida “Art-Karavan” ijodiy guruhi ko‘rgazmasi, TURKSOY rassomlarining uchrashuvi va “Yagona ruh, turfa rang” nomli guruh ko‘rgazmasi, ruminiyalik mashhur haykaltarosh Konstantin Brankushi xotirasiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma (Rumniya), Koreyaning Kyemyong universitetining yoshlar o‘rtasida “San’at va madaniyat” mavzusidagi II xalqaro ijodiy tanlovi ko‘rgazmasi ham muxlislarga taqdim etiladi.
5 kun davomida Toshkent shahri va respublikamiz bo‘ylab festival davomida boshqa ko‘rgazma va mahorat darslari, uchrashuv va ilmiy konferensiyalar, ikki tomonlama memorandumlar imzolash marosimlari bo‘lib o‘tadi.
Festivalda Badiiy akademiya tasarrufidagi san’at maktablari, maktab-internatlaridan tashqari tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishiga ega Respublika ixtisoslashtirilgan maktab va oliygohlaridan iqtidorli yoshlar, rassomlar ham ishtirok etadi.
Festival dasturiga muvofiq, madaniy hordiq sifatida mehmonlar Toshkent va Samarqand shahridagi bunyodkorlik va diqqatga sazovor joylar bilan tanishtiriladi.
Viloyatlarga O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga a’zo akademiklar, rassomlar, ustalar safarbar etiladi, ular mahorat darslari o‘tadi.
Bu yil ham “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati tanlovi g‘oliblari e’lon qilinib, taqdirlanadi, ishtirokchilar ko‘rgazmasi taqdim etiladi.
Toshkentdagi tadbirlar Markaziy ko‘rgazmalar zalida, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida, Toshkent fotosuratlar uyida, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida, Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabida va O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida hamda Badiiy akademiyaning «Akademiya» galereyasida tashkil qilinadi.
Matbuot anjumanida media sohasi vakillari savollariga batafsil javob qaytarildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri