So‘z qudratiga yuksak ehtirom
Jamiyat taraqqiyotining eng muhim mezonlaridan biri — ochiqlik, oshkoralik va erkin fikr muhitining qaror topishidir. Bu yo‘lda esa matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar, noshirlar va matbaachilarning o‘rni beqiyos. Ular haqiqatni xalqqa yetkazadi, jamiyat dardini qalamga oladi, ezgu tashabbuslarni targ‘ib qiladi, odamlar bilan davlat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajaradi. Ana shu sharafli va mas’uliyatli kasb egalari mehnatiga ehtirom ramzi sifatida Buxoro viloyatida 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, matbaachilar, faxriy jurnalistlar, davlat idoralari matbuot xizmatlari, blogerlar hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
Tantanali marosimda Buxoro viloyati hokimining bayram tabrigini viloyat hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Odilov o‘qib eshittirdi. Tabrikda mamlakatimizda so‘nggi yillarda so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va ochiqlik siyosatini ta’minlashga qaratilgan islohotlar tufayli ommaviy axborot vositalari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, jurnalistlarning fidokorona mehnati, xolis va tezkor axborot tarqatishdagi xizmatlari hamda jamiyat hayotidagi o‘rni yuksak baholandi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Buxoro viloyati media sohasi o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Viloyatda 2 ta televideniye, 2 ta radio, 20 dan ortiq gazeta, 9 ta internet nashri va 18 ta nashriyot faoliyat yuritmoqda. Bu ommaviy axborot vositalari milliy jurnalistikaning boy an’analari bilan zamonaviy media tendensiyalarini uyg‘unlashtirgan holda aholiga sifatli axborot yetkazib berishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, respublika telekanallari muxbirlari, markaziy nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol ijod qilayotgan blogerlarning Buxoro hayotini keng yoritishdagi hissasi e’tirof etildi. Bu jarayon sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash va jamoatchilik fikrini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
[gallery-30095]
Bugun viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 50 dan ortiq ommaviy axborot vositasining 70 foizdan ziyodi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususiy teleradiokanallar, internet nashrlari va raqamli media platformalar soni yil sayin oshib bormoqda. Ulardan foydalanuvchilar soni esa 1,5 million nafarga yetgani Buxoroda axborot sohasi jadal rivojlanayotganining yaqqol isbotidir.
Shuningdek, davlat tashkilotlari va mahalliy hokimliklar huzuridagi axborot xizmatlari faoliyati ham yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Bugun ular davlat organlari faoliyatining ochiqligi, jamoatchilik bilan samarali muloqotni ta’minlash, aholi murojaatlarini tezkor o‘rganish va dolzarb masalalarni yoritishda muhim o‘rin tutayotir.
Tadbirda ko‘p yillar davomida milliy jurnalistika taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan faxriy jurnalistlarga alohida ehtirom ko‘rsatildi. Bu yil yubiley sanalari nishonlanayotgan ustoz qalam sohiblari munosib e’tirof etildi. Shuningdek, “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalari tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida har biriga 100 million so‘mlik sertifikat topshirildi.
Bundan tashqari, viloyatning ijtimoiy-ma’naviy hayotini yoritish, ochiqlik siyosati va jamoatchilik fikrini shakllantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan jurnalistlar, televideniye va radio xodimlari, matbaachilar, matbuot xizmatlari va internet nashrlari vakillarining bir guruhi Buxoro viloyati hokimining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Tantanali tadbir viloyatning mashhur estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi, dilrabo kuy-qo‘shiqlar va milliy raqslar bilan yanada fayzli tus oldi.
Bayram ishtirokchilari uchun bu nafaqat kasb bayrami, balki mehnatga berilgan yuksak e’tirof, ijod ahliga ko‘rsatilgan yuksak hurmat va e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri