Qabul jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 2026-2027 o‘quv yili uchun qabul jarayoniga oid yangiliklar va yaratilayotgan imkoniyatlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Yangi o‘quv yili uchun qabul jarayoni: yangiliklar va imkoniyatlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rahbariyati, qabul komissiyasi mas’ullari, professor-o‘qituvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari, ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda abituriyentlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar haqida so‘z bordi. Jumladan, universitet qabul komissiyasi mas’ul kotibi I. Allambergenov 2026-2027 o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonining muhim jihatlari, hujjat topshirish tartibi, qabul ko‘rsatkichlari va alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari borasida ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, qabul jarayonlarini ochiq-oshkora tashkil etish, abituriyentlar va ularning ota-onalarini zarur ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga universitet rahbariyati va mas’ul xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.
Tadbir yakunida mazkur oliy o‘quv yurti hayoti, unda amalga oshirilayotgan ta’lim, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng yoritib kelayotgan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorchilik xati va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri