“So‘z dehqoni edi...”
Guliston shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Guliston davlat pedagogika instituti hamkorligida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir va jamoat arbobi Sa’dulla Hakim tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan “So‘z dehqoni edi...” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Sa’dulla Hakim haqida gap ketganda, oddiy bir shoir yoki jurnalist haqida emas, balki o‘zbek so‘z san’atining fidoyilaridan biri — haqiqiy “so‘z dehqoni” haqida fikr yuritiladi. Shoir 1951-yil 25-martda Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Garasha qishlog‘ida tug‘ilib, shu tabiat va muhitdan ilhom olgan holda butun umrini ijodga bag‘ishladi.

Ayniqsa, shoir “Hamal tonglari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona so‘z”, “Ko‘ngil yuzi” kabi she’riy to‘plamlari orqali inson qalbining eng nozik torlarini cherta olgan ijodkor sifatida tanildi. Sa’dulla Hakim she’rlarida soddalik, samimiyat va, eng muhimi, haqiqat mujassam. Shu bois uning ijodi o‘quvchini o‘ylatadi, hissiyotga chorlaydi.
Sa’dulla Hakim tarjimon sifatida Iogann Volfgang fon Gyote, Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Sergey Yesenin, Yunus Emro kabi jahon adabiyoti namoyandalarini o‘zbek kitobxonlari uchun yaqinlashtirdi. Bu uning faqat ijodkor emas, balki madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik bo‘la olgan ma’rifatparvar shaxs ekanini ko‘rsatadi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi, shoir Shuhrat Orif, “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Feruza Adilova, “G‘uncha” jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti laureati Baxtiyor Xolxo‘jayev, “Zakovat” intellektual klubi magistri, sud-tibbiy ekspert Bobur Yoqubov, shuningdek, shoirning rafiqasi va oila a’zolari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda uyushmaning hududiy vakillari qatnashdi.

Tadbirni institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Aziz Qalandarov olib bordi. Unda so‘zga chiqqan Shuhrat Orif ustozning samimiyligi, to‘g‘riso‘zligi va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashdagi hissasini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kelgusida shoir xotirasini abadiylashtirish maqsadida Guliston bilan bir qatorda poytaxtda va Jizzax viloyatida ham shunday tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilayotgani ma’lum qildi.
Feruza Adilova o‘z chiqishida ustoz bilan bog‘liq xotiralarini o‘rtoqlashib, uning vijdonan ish tutishi, haqiqatni ochiq aytishi kabi insoniy fazilatlarini alohida e’tirof etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Dilfuza Shomalikova, Bobur Yoqubov, shoirning rafiqasi, shuningdek,Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov va boshqalar Sa’dulla Hakim ijodining mazmun-mohiyati, ma’naviy va tarbiyaviy ahamiyati haqida fikr yuritdilar. Ustoz qalamiga mansub asarlar inson qalbiga yaqinligi, hayotiyligi va falsafiy chuqurligi bilan alohida qadrlanishi ta’kidlandi.
Ayniqsa, bir savol tadbir ishtirokchilarini chuqur o‘yga soldi. Bugun biz Sa’dulla Hakim qoldirgan ma’naviy merosni qanchalik anglayapmiz? Uning so‘zga sadoqati va haqiqatga bo‘lgan qat’iyati biz uchun qay darajada ibrat?
Talabalar tomonidan namoyish etilgan she’riy kompozitsiya va Baxtiyor Xolxo‘jayev ijrosidagi qo‘shiqlar ana shu savollarga badiiy javob bo‘ldi. So‘z va kuy uyg‘unligida ustozning ijodi va g‘oyalari qalblarga yanada yaqinlashdi.
Shu ma’noda, “So‘z dehqoni edi...” tadbiri nafaqat xotira kechasi, balki chuqur ma’naviy xulosa chiqarishga undaydigan ma’rifat darsiga aylandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri