Bolalar kontentida ilm va ijod hamkorligi
Bugungi kunda bolalar kontentida bir qancha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, bolalar uchun sifatli adabiyot namunalarini ko‘paytirish maqsadida ijodkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorliklar, bolalar uchun manfaatli film va media mahsulotlarini yaratish yo‘lidagi amaliy harakatlar shular jumlasidan.
Ilm va ijod borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti bo‘lim mudiri, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Nigora Karimova hamda ushbu bo‘limning katta ilmiy xodimi, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hafiza Niyozova bilan ilmiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda bolalar uchun mo‘ljallangan ekran mahsulotlarini professional tahlil qilish masalalari muhokama qilindi. Bolalar uchun ishlanayotgan har bir kino va multfilm tahlili ilmiy asosga ega bo‘lishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida tahlillarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Markaz hamda San’atshunoslik instituti o‘rtasida ilmiy-ijodiy hamkorlikni doimiy yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Qayd etish lozimki, bunday hamkorliklar kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lmish bolalarni sifatli kontentlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan milliy kontentni rivojlantirish g‘oyasi negizida ham ayni shu maqsad mujassam.
Sherbek Islomov, O‘zA