Soxta haydovchiga sud hukmi o‘qildi
Inson hamisha halol rizq bilan turmush kechirib, ro‘zg‘or tebratishga intiladi. Buning uchun peshona teri to‘kadi. Aql-zakovatini ishga soladi. Axir to‘g‘ri yo‘l bilan topilgan luqma totli, shirin bo‘ladi. Egri yo‘l bilan topilgani kishida xavotir uyg‘otib, tanaga singmaydi. Ko‘ngilni yoritmaydi. Ertami, kechmi, vaqti kelib, bu qilmishidan pushaymon chekishga sabab bo‘ladi.
Afsuski, oramizda shunday insonlar ham borki, egri yo‘l bilan daromad topishni o‘ziga odat qiladi. Bir kun siri fosh bo‘lishini bilsa-da, bu ishning etagidan tutib, ko‘zani kunda emas kunida sindirib qo‘yadi.
Angorlik Sobir Vallayev (ism-sharif o‘zgartirildi) ham peshona teri bilan pul topish ilinjida Rossiya davlatiga boradi. Lekin, tasodifni qarangki, u yerda Yoqub ismli shaxs bilan tanishgach, uning bu fikri o‘zgaradi. Unda qalbaki haydovchilik guvohnomasi borligini bilgach, bu hujjatni sotib oladi. Rossiya tarafda undan foydalanib, daromad ham topadi. Kunlardan bir kun uning xayoliga xorijdan qaytib, shu hujjat bilan mamlakatimizda avtomashina boshqarish fikri kelib qoladi. “Haydovchilik guvohnomasining soxtaligini begona yurtda hech kim sezmadi. Demak bu hujjat bilan O‘zbekistonda ham avtomashina boshqarib yursa bo‘lar ekan”, degan o‘y uni Vatanga qaytishga undaydi.
Shunday qilib, S.Vallayevni keng, ravon yo‘lda bamaylixotir avtomashina boshqarib borayotganida IIB yo‘l harakati xavfsizlik boshqarmasi xodimlari to‘xtatib, hujjatlari bilan tanishadi. E’tibor berib qarashsa, u qalbaki haydovchilik guvohnomasidan foydalanib yuribdi. Bu holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Angor tumani sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, soxta haydovchi sarguzashtlariga chek qo‘yildi. S.Vallayevga Jinoyat Kodeksning tegishli moddalari bilan jazo tayinlandi.
Aslida jinoyatchiga berilgan har qanday jazo uni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga boshqarish uchun tayinlanadi. Qing‘ir ishga qo‘l urib, jazo olgan S.Vallayev bu qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarib, uning jinoyat ko‘chasiga qayta qadam bosmasligi uchun achchiq saboq bo‘lsa, ajabmas.
Suyun Bo‘tayev,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati,
Angor tuman sudi raisi
O‘zA