So‘nggi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
— Biz 2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
So‘nggi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshdi. Venchur jamg‘armalar soni 23 taga, ularning umumiy kapitali 200 million dollarga yetdi. O‘tgan davrda 1 ming 200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalar paydo bo‘ldi. Ayni yo‘nalishda 3 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromad topyapti.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. “Global startap indeksi”da O‘zbekiston 31 pog‘ona ko‘tarilib, dunyoda eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi, “2026-yil mamlakati” deb e’lon qilingani ham buning yaqqol isbotidir.
Hali bu sohada juda katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokimlar “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini ishga tushiradi.
Bunda har bir rahbar o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformada joylashtirib, eng yaxshi yechimlar uchun mukofot e’lon qiladi. Buning uchun har bir vazir va hokim kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘arma tashkil etadi.
Ushbu mablag‘lar g‘oliblarni mukofotlash va 20 tadan eng yaxshi startapni g‘oyadan amaliyotgacha barcha bosqichlarni moliyalashtirishga sarflanadi.
Yoshlar agentligi biznes, AT, kreativ iqtisodiyot yo‘nalishida 100 ta eng yaxshi loyihani tanlab, ularga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
O‘zA