Yoshlar ishlari agentligiga “Tashabbuslar ofisi”ni tashkil qilish vazifasi topshirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
— Biz yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlardan hech bir o‘g‘il-qizimiz chetda qolmasligi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Yoshlar ishlari agentligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bu yil “Vatan mehri – ijtimoiy tashabbuslar” tanlovini o‘tkazib, aholi muammolari bo‘yicha eng yaxshi yechim bergan volontyorlar va 50 ta ijtimoiy loyiha muallifini taqdirlash topshirildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Qanot” loyihasini ishga tushiradi.
Ushbu loyiha bunday yoshlarni ijtimoiy xizmatlar, ta’lim, sport, musiqa va san’atga yo‘naltirib, qayta huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Iyun oyida o‘tkazilgan “Yoshlar tashabbuslari marafoni”da yigit-qizlar tomonidan ilm-fan, madaniyat, biznes, startap, sun’iy intellekt yo‘nalishlarida minglab loyiha takliflari ilgari surildi.
Yoshlar ishlari agentligiga “Tashabbuslar ofisi”ni tashkil qilib, har bir g‘oyani loyihaga, mahsulotga va xizmatga aylantirish bo‘yicha ishlarni boshlash topshirildi. Buning uchun 50 milliard so‘m ajratiladi.
O‘zA