Sohibqiron izidan: Budapeshtda Temuriylar davri va jahon taraqqiyotiga bag‘ishlangan xalqaro sammit
Tarix sahifalarini qayta varaqlab, buyuk bobokalonimiz Amir Temur va Temuriylar sulolasining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini xalqaro miqyosda e’tirof etish davr talabidir.
Budapesht shahri aynan ana shu ulug‘ merosni tadqiq etish uchun xalqaro ilmiy hamjamiyatni bir davraga jamladi. O‘zbekiston va Mojoristonning nufuzli ilmiy markazlari hamkorligida tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman Sohibqiron shaxsiyatini yangi ilmiy qarashlardan ochib berish bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar ko‘priklarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylandi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, O‘zbekistonning Mojoristondagi elchixonasi, ELTE Gumanitar fanlar tadqiqot markazi birgalikda uyushtirgan ushbu tadbir yuzochdisida markaz bosh direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Antal Molnar va o‘zbek elchisi Oybek Shohoviddinov Amir Temur shaxsi, temuriylar merosini o‘rganish hamda mazkur yig‘ilishning o‘zbek-mojor ilmiy aloqalarini mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo o‘zining “Amir Temur – kishilik tarixini o‘zgartirgan buyuk shaxs” chiqishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5-fevraldagi qaroriga ko‘ra Amir Temurning 690 yilligi ham umummilliy, ham ellararo darajalarda bayram qilinayotgani, tegishli ilmiy, ma’rifiy va madaniy vazifalar belgilab olinganini urg‘ulab, Sohibqironning kelib chiqishi, oilasi, Turon va jahon xalqlarini mo‘g‘ullarning 150 yillik zulmidan qutqarib, insoniyat tarixida yangi – yuksalish bosqichini boshlab bergani, Turonni birlashtirish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlari, ekin-tikinchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq rivoji yo‘lida yuritgan siyosati, tashqi siyosati, O‘rta Yer dengizidan Xitoy devori, Moskvadan Arab dengizi, Kiyevdan Dehligacha bo‘lgan kamida 15 million kv.km.lik ulkan kenglikda buyuk saltanat qurgani, kishilik tarixiga Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar oltin chog‘i o‘laroq kirgan bosqichga asos solgani kabi masalalarga urg‘u berdi.
Mojoristonlik taniqli olim, akademik Vasari Ishtvan esa o‘z chiqishida “Temuriylar boshqaruvida fors va turkiy-mo‘g‘ul devonchiligi” bo‘yicha qarashlarini bayon etdi. Peri Benedek “Lola yuzing sog‘inib, ko‘zim qonga to‘ldi: Navoiyning namunaviy g‘azali va Sulton Sulaymon “Muhibbiy”ning she’riy javobi” orqali temuriylar davri adabiyotining usmonli adabiyotiga ta’siriga to‘xtaldi. Miklos Sarkozi o‘z ma’ruzasida ilk temuriy yilnomalardan biri — G‘iyosiddin Ali Yazdiyning “Saodatnoma” (“Ruznomayi g‘azovoti Hindiston”) asarini manbashunoslik jihatdan tahlil qildi.
Oner Erika esa “Mojoristondagi usmonli davri hujjatlarida temuriy-fors an’analari”ga to‘xtalib, Yevropa arxivlari, ayniqsa, Mojoriston arxivlaridagi temuriy madaniyat izlarini ko‘rsatib berdi.
“Ikkinchi Renessans – Temuriylar oltin chog‘i: ilm-fan” mavzusida chiqish qilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Jahongir Turdimirzayev Birinchi Uyg‘onish davri allomalari Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino va boshqa o‘zbek olimlari ilmiy kashfiyotlari, ular asosida rivojlangan Ikkinchi Uyg‘onish davri aniq fanlari, xususan, Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Ali Qushchining tarixiy yutuq va yangiliklariga diqqatni qaratdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Elyor Turdimirzayev “Amir Temur va Yevropa” mavzusini yoritib, Sohibqiron davrida o‘zbek davlatining mazkur qit’a bilan olib borilgan diplomatik munosabatlarini tahlil etdi.
Shuningdek, mojoristonlik olimlar Somfay Kara Dovud “Temuriylar va mo‘g‘ullar: siyosiy va madaniy aloqalar”, Santha Ishtvan “Saroy tashqarisidagi ovozlar: temuriylar turkiy dostonchilik an’analarida og‘zaki ijroda bayon, qonuniylik va obro‘” masalalari yuzasidan chiqishlar qildilar.
Ellararo yig‘in tugashida so‘z olgan akademik Azamat Ziyo o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi, xususan, Amir Temur va temuriylar merosini o‘rganishda mustamlaka-sovet davrida singdirib yuborilgan siyosiylashgan qarashlar, noto‘g‘ri yondashuvlardan voz kechib, birlamchi manbalar negizida 3000-yillik o‘zbek davlatchiligi tarixini xolis o‘rganish va targ‘ib etish borasida hamkorlikni taklif etdi. Mojoristonlik olimlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bilan birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish, yig‘inlar o‘tkazishga tayyorliklarini bildirdilar.
Dildora DO‘SMATOVA O‘zA