Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tartibi belgilandi
Adliya vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur hujjat bilan davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi, birinchi navbatda, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi natijalariga ko‘ra faoliyati “qoniqarsiz” deb baholangan, korrupsiyaga oid jinoyatchilik darajasi o‘tgan yilga nisbatan oshgan, korrupsiyaviy xavf darajasi yuqori bo‘lgan va boshqa davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi.
Reja-jadval korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, har yili mart oyida Agentlik tomonidan tasdiqlanadi hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yuboriladi.
Ishchi guruh reja-jadvalda belgilangan baholash muddati boshlanishidan kamida 10 ish kuni oldin Agentlik direktorining buyrug‘iga asosan shakllantiriladi hamda Agentlikning mas’ul tarmoq xodimi rahbarligida kamida 7 nafardan iborat toq sonli tarkibda faoliyat yuritadi.
Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish sohasidagi faoliyatini baholash ularning funksional xususiyatlaridan kelib chiqib, ko‘pi bilan 14 ish kuni ichida masofadan turib va (yoki) joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi.
Baholash dasturi 7 yo‘nalish bo‘yicha ishlab chiqiladi (jumladan, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik kengashlari faoliyati orqali jamoatchilik nazoratini ta’minlash va boshqalar).
Baholash 100 ballik tizimda amalga oshirilib, natijalar 81 balldan 100 ballgacha – “yaxshi”, 55 balldan 81 ballgacha – “qoniqarli”, 55 balldan kam – “qoniqarsiz” deb baholanadi.
Faoliyati “yaxshi” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlariga korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi. Sertifikat 3 yil muddat davomida amal qiladi.
Faoliyati “qoniqarli” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlariga kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 oydan oshmagan muddat beriladi va kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilganda sertifikat taqdim etiladi.
Faoliyati “qoniqarsiz” deb baholangan yoki kamchiliklarni qo‘shimcha muddatda bartaraf etmagan davlat organlari va tashkilotlari sertifikat olmagan deb baholanadi hamda tizim joriy etilgunga qadar tashkilot rahbarlariga nisbatan rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.
N.Abdurimova, O‘zA