“Sog‘lom hayot marafoni” aksiyasi o‘tkazildi
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan partiyaning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda jamiyatda sport madaniyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator amaliy tadbirlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Sog‘lom hayot marafoni” aksiyasi yuqori kayfiyat va faol ishtirok muhitida tashkil etildi. Tadbirda institut talaba qizlari, professor-o‘qituvchilar hamda partiya faollari ishtirok etdi.

Aksiya doirasida ertalabki jismoniy mashg‘ulotlar tajribali murabbiy-o‘qituvchilar rahbarligida o‘tkazilib, ishtirokchilar uchun maxsus mo‘ljallangan kompleks mashqlar bajarildi.
Tadbirning o‘ziga xos jihati shundaki, barcha jismoniy mashg‘ulotlar ko‘tarinki ruhda, musiqa sadolari ostida tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarning kayfiyatini yanada ko‘tarib, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida talaba qizlar o‘rtasida yugurish bo‘yicha musobaqa tashkil etildi. Uning ishtirokchilari o‘z chaqqonligi, chidamliligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi bilan ajralib turdilar. Bellashuv yakunida eng yaxshi natija ko‘rsatgan g‘olib va sovrindorlar aniqlandi hamda ularga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.