Iqtidor, zakovat va matonat namoyishi
Andijon shahridagi universal sport majmuasida jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i sovrini uchun viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning ochilishida viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati viloyati hamda sport boshqarmalari mutasaddilari, nogironlar jamiyatlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari va shaxmat ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar ushbu chempionat nafaqat sport musobaqasi, balki inson qadr-qimmatini ulug‘lash, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirishga xizmat qiladigan muhim tadbir ekanligini alohida ta’kidladi.
Bilim, iqtidor, zakovat va matonat timsoli bo‘lgan mazkur shaxmat musobaqasida barcha tuman, shaharlar jamoalari tarkibida turli yoshdagi 200 nafarga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar qatnashib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
[gallery-29399]
Chempionatning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida erkaklar o‘rtasida Marhamat tumani, ayollar o‘rtasida esa Izboskan tumani jamoalari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirok etgan bir guruh shaxmatchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mazkur musobaqa yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarish, jamiyatda munosib o‘rin topishlariga ko‘maklashishga qaratilgan ezgu va xayrli ishlarning amaliy namunasi bo‘ldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.