Sizning jasoratingiz bizlarga ibrat
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Ikkinchi jahon urushi tufayli boshiga tushgan achchiq qismatni xalqimiz chuqur qayg‘u bilan eslaydi. Negaki, yurtimizda undan jabr ko‘rmagan birorta xonadon yo‘q, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
El-yurtimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib, vaqt o‘tgani sayin bu o‘lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortmoqda. Shu kunlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan faxriylarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotgani ham mamlakatimizda inson sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilganini ifodalaydi.
Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Mindon qishlog‘ida yashovchi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qoraboy ota Teshaboyev bilan barcha faxrlanadi. 101 yoshli bobo “Shukronalikda hikmat ko‘p”, deb bot-bot ta’kidlaydi. O‘zi ham shunga amal qilib yashaydi. Uning xulosasiga ko‘ra, uzoq umr ko‘rishning asl sinoati ham shunda.
Mo‘’jazgina hovli. Yaqin yaqingacha ham hovlidagi yumushlarni o‘zi bajarardi. Serharakat, serg‘ayrat bo‘lganligi bois 101 yoshda ham fikrlari teran, gaplari, duolari joyida. Qoraboy ota 1922 yilning 18 fevralida Mindon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1938 yilgacha qishlog‘idagi maktabda o‘qidi. 16 yoshida kuchga to‘lgan navqiron davrida mehnatsevar bo‘lib voyaga yetdi. Ota-onasiga xo‘jalik ishlarida yordam berib kelayotgan edi.
1941 yil urush boshlanganini eshitgan Qoraboy qishloqdoshlari qatori birinchilardan bo‘lib jangga otlandi.
– Bizni, – deb gap boshladi Qoraboy ota suhbatimiz chog‘ida, - urushga kirishdan oldin harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishdi. Qurol ishlatish, jang pozitsiyalarida qanday harakat qilish kerakligini o‘quv mashg‘ulotlarida o‘rgandik. Men artillerist bo‘lib jangga kirdim. Bizning asosiy vazifamiz dushman tanklarini yakson qilishdan iborat edi. Nemis fashistlarini har bir tankini yo‘q qilganda g‘alabaga bo‘lgan ishonch ortardi. Bizning jasoratimiz tufayli piyoda askarlar hujumga o‘tib, shahar va qishloqlarni ishg‘ol etardi.
Qoraboy ota birinchi bor Stalingrad ostonalarida jangga kirib, Ukraina, Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya davlatlarini fashistlardan ozod etishdagi janglarda mardonavor qatnashgan.
– Ayniqsa, Budapesht shahri uchun juda og‘ir janglar bo‘lgan, deb eslaydi Qoraboy ota. Ko‘kragidagi orden, medallar ichida “Budapeshtni ishg‘ol etgani uchun”, “Vena shahrini ozod etishdagi qahramonligi uchun” kabi medallar o‘rin olgan. Qoraboy ota urush tugagandan keyin ham uch yil xizmatni davom ettirib, 8 yil deganda ona qishlog‘iga qaytib keldi. Uzoq yillar qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qildi. Nisoxon ona bilan turmush qurib, bir o‘g‘il besh nafar qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. O‘g‘li Abduqahhor, qizlari Ziroposhsho, Inoyatxon, Ulug‘oy, Munojatxon, Manzuraxon el koriga yaraydigan farzandlar bo‘lib ulg‘aydi.
Piru badavlat otaxon doimo e’zoz va ardoqda. Bugun nabirayu chevarasi atrofida parvona. Muhimi, Qoraboy ota o‘tayotgan hayotidan rozi. Umrining davomchilari kelajagidan ko‘ngli to‘q. U buni chinakam baxtiyorlik sururi, deb biladi.
M.Sulaymonov,
O‘zA