Sirdaryoda «Plogging» aksiyasi o‘tkazildi
Bir vaqtning o‘zida viloyatning barcha tuman va shaharlarida qariyb 1000 nafar yosh atrof-muhit tozaligi uchun harakatga qo‘shildi.
Sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatni birlashtirgan «Plogging» aksiyasi Sirdaryoda keng qamrovda o‘tkazildi. Viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan aksiyaga barcha tuman va shaharlarda bir vaqtning o‘zida onlayn tarzda start berildi.

Aksiya ishtirokchilari hududlarni chiqindilardan tozalash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash va yashil hududlarni asrashga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

Ploggingning o‘ziga xos jihati shundaki, u jismoniy faollikni tabiatga g‘amxo‘rlik bilan uyg‘unlashtiradi. Ya’ni ishtirokchilar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish barobarida o‘zlari yashab turgan hudud tozaligiga amaliy hissa qo‘shadi. Bunday tashabbuslar yoshlarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish va jamoatchilik faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Sirdaryodagi aksiya davomida 5 gektar maydon tozalandi. Hududdan atrof-muhitga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 2 tonna chiqindi yig‘ib olindi.

Aksiya viloyatning barcha tuman va shaharlarini qamrab olgani esa tashabbusning ko‘lamini yanada kengaytirdi. Bir maqsad atrofida birlashgan yoshlar nafaqat hududlarni obodonlashtirishga hissa qo‘shdi, balki tabiatni asrash har bir insonning kundalik mas’uliyati ekanini amaliy harakatlari bilan namoyon etishdi.


Tashabbus doirasida faollik ko‘rsatgan yoshlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Aksiya yakunida ularga viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Akramov tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Toza muhit — faqat obod hudud emas. U inson salomatligi, sog‘lom avlod va yuksak ekologik madaniyat uchun ham muhim mezondir. Sirdaryolik yoshlarning «Plogging» aksiyasidagi faol ishtiroki esa bu qadriyatlarni hayot tarziga aylantirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri