Sirdaryoda 3 ta yangi «spin-off» korxona tashkil etildi
Sirdaryo viloyatida ilm-fan yutuqlarini amaliyotga keng tatbiq etish, innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida oliy ta’lim muassasalari huzurida 3 ta yangi «spin-off» korxona tashkil etildi.
Mazkur tashabbus ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, olimlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish hamda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda viloyatda Guliston davlat pedagogika instituti qoshida «GulDPI Edu Tech Mediya Press» MCHJ, Guliston davlat universiteti huzurida «GulDU Agro Future Green» Spin-off MCHJ hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali qoshida «Yangiyer Food Tech» MCHJ faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

— Ushbu korxonalar ta’lim sohasi uchun raqamli platformalar va multimedia mahsulotlarini yaratish, qishloq xo‘jaligida innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish, oziq-ovqat mahsulotlarini chuqur qayta ishlash texnologiyalarini takomillashtirish, zamonaviy qadoqlash yechimlarini ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish jarayonlariga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi, — deydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari G‘iyos Doniyorov .
Spin-off korxonalarning asosiy vazifasi ilmiy g‘oya va ishlanmalarni laboratoriyadan ishlab chiqarishga, ishlab chiqarishdan esa bozorga olib chiqish, ularni raqobatbardosh mahsulot va xizmatlarga aylantirishdan iborat. Bu esa ilmiy salohiyatning iqtisodiy samaradorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur korxonalar talaba va yosh olimlar uchun innovatsion loyihalarni amalga oshirish, startap tashabbuslarini rivojlantirish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi samarali amaliy maydon hisoblanadi.
2026-yilning birinchi yarim yilligida viloyatda 3 ta spin-off korxona tashkil etildi, 10 dan ortiq innovatsion loyiha ishlab chiqildi, 20 dan ziyod yangi mahsulot yaratish ishlari yo‘lga qo‘yildi hamda 50 nafardan ortiq yoshlar va talabalar innovatsion jarayonlarga jalb etildi.
— Spin-off korxonalar faoliyatining kengayishi ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu orqali hududda innovatsion ekotizim shakllanadi, iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalar keng joriy etiladi, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahalliy mahsulotlar ulushi ortib, eksport salohiyati mustahkamlanadi. Eng muhimi, bu tashabbus Sirdaryo viloyatining innovatsion taraqqiyoti va raqobatbardosh iqtisodiyotini ta’minlashga mustahkam zamin yaratadi, — deydi G‘iyos Doniyorov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri