GSP+ tizimi mahsulotlarimiz eksportini oshirmoqda (+video)
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning muhim tashqi savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizning bu yo‘nalishdagi eksport ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sdi. Bunga GSP+ tizimi doirasida taqdim etilgan imtiyozlar ham asos bo‘lib, eksport hajmi qariyb uch barobarga oshgan. Mazkur statistikada oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti alohida o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston 2021-yilning aprel oyidan buyon GSP+ maxsus preferensiyalar tizimi benefitsiari maqomiga ega bo‘ldi. Natijada 6 200 dan ortiq turdagi tovar uchun Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda kirish imkoniyati yaratildi. Ushbu tizim eksportni ko‘paytirishi bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xalqaro majburiyatlar, tovarlarning kelib chiqish qoidalari hamda Yevropa bozorlariga moslashishni ham talab etadi.
- 2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistondan Belgiyaga 807 tonna 1 mln dollardan ziyod meva-sabzavot mahsuloti eksport qilingani ijobiy natijadir, - deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Shahzod Qunduzov. – Belgiyaga quritilgan ko‘katlar, quritilgan olxo‘ri, mosh, mayiz, jiyda, qovun mahsulotlari eksport qilingan. Joriy yilning 17-21-oktabr kunlari Parijda oziq-ovqat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. U yerda tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendi o‘z mahsulotini namoyish etish va albatta belgiyalik import qiluvchi korxonalar bilan muzokaralar olib borish va 2026-yilning yakuniga qadar O‘zbekistondan ushbu davlatga eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan xorijiy davlatlarda o‘tkazib kelinayotgan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi esa yangi yondashuvlarni o‘rganish, iste’molchilarning talabi va bozor konyunkturasini tahlil qilish imkonini bermoqda.
Rejalar katta, maqsadlar aniq. Yevropa yo‘nalishi O‘zbekiston uchun har doim istiqbolli hisoblangan. Bu milliy brendlarning xalqaro ta’minot zanjirlariga uyg‘unlashuvi uchun uzoq muddatli strategiya hamdir. Zero, mahsulotning “daladan dasturxongacha” bo‘lgan har bir bosqichida xavfsizlik talablariga rioya qilinishi O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA