Sinmas matonat qissasi: Guljanoy Naimova yana bir cho‘qqini ko‘zlamoqda
Paralimpiya o‘yinlari chempioni va sovrindori, jahon va Osiyo maydonlarida yuksak natijalarga erishgan Guljanoy Naimovaning sportdagi muvaffaqiyatlari, avvalo, qat’iyat, mehnat va o‘z kuchiga ishonch namunasidir.
Uning navbatdagi marrasi — 2028-yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida yana bir bor yurtimiz sharafini munosib himoya qilish.
Sportda shunday g‘alabalar borki, ular faqat shohsupaning eng yuqori pog‘onasini egallash bilan cheklanmaydi. Bunday zafarlar inson irodasini namoyon etib, minglab yoshlarga ishonch va ilhom bag‘ishlaydi. O‘zbekiston para taekvondo terma jamoasi yetakchilaridan biri Guljanoy Naimovaning xalqaro maydondagi yutuqlari ana shunday ahamiyatga ega.
Yaponiyaning Aichi–Nagoya shahrida o‘tkazilgan V Paraosiyo o‘yinlarida hamyurtimiz ayollar o‘rtasida para taekvondo bo‘yicha K44 toifasining +65 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. U chorak finalda xitoylik Syuy Fenni, yarim finalda esa hamyurtimiz Karomat Qosimovani 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Oltin medal uchun kechgan hal qiluvchi bahsda xitoylik Tan Sidan ham 2:0 hisobida ustun keldi.

Shu tariqa, Guljanoy Naimova «Xanchjou–2022» Paraosiyo o‘yinlaridagi g‘olibligidan keyin yana bir bor qit’a o‘yinlari chempioniga aylandi. Bu natija sportchining xalqaro maydondagi barqarorligi, yuksak mahorati va yirik musobaqalarda g‘alaba uchun kurashish salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Ishonch va imkoniyatlar samarasi
Guljanoyning muvaffaqiyatlarini faqat shaxsiy iste’dod va mashg‘ulotlar samarasi bilan izohlash to‘liq bo‘lmaydi. Uning yutuqlari mamlakatimizda parasportni rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan hamohangdir.
O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, sport orqali o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda parasport nafaqat yuqori natijalarga erishish vositasi, balki insonning jamiyatdagi faolligini oshirish, o‘z kuchiga ishonchini mustahkamlash va yangi maqsadlar sari intilishiga xizmat qiluvchi muhim yo‘nalishdir.
Prezidentimizning 2025-yil 8-iyuldagi «2028-yil Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori ham ushbu yo‘nalishdagi muhim vazifalarni belgilab berdi. Hujjatda sportchilarni nufuzli xalqaro musobaqalarga puxta tayyorlash, ularning mahoratini oshirish va Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtirokini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Bunday tizimli yondashuvning asosiy maqsadi iqtidorli sportchilarni erta aniqlash, ularning tayyorgarligi uchun zarur sharoitlarni yaratish va xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishdan iborat. Guljanoy Naimova kabi sportchilarning yutuqlari esa bu yo‘lda qat’iyat, mashaqqatli mehnat va izchil tayyorgarlikning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Ilk qadamlardan jahon shohsupasigacha
Guljanoy Naimova 2001-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Sportga bo‘lgan qiziqishi va oldinga intilishi uning hayotida muhim o‘rin tuta boshladi. Mamlakat miqyosidagi musobaqalarda toblangan yosh sportchi qisqa vaqt ichida xalqaro maydonda ham o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
2017-yilda London shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida terma jamoa tarkibida ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. 2018-yilda Vetnamda tashkil etilgan Osiyo ochiq chempionatida esa raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
2019-yil Guljanoy uchun yana bir sermahsul mavsum bo‘ldi. U Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush, Iordaniya mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida bronza, Italiyadagi Yevropa ochiq chempionatida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.
2020-yilda Tokioda o‘tkazilishi rejalashtirilgan XVI Paralimpiya o‘yinlari koronavirus pandemiyasi sabab bir yilga qoldirildi. Bu davr sportchi uchun tayyorgarlikni davom ettirish, mahoratni oshirish va oldinda turgan eng muhim musobaqaga ruhan hamda jismonan hozirlik ko‘rish imkoniyati bo‘ldi.

Nihoyat, 2021-yilda Tokioda o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlarida Guljanoy o‘zining eng muhim g‘alabalaridan biriga erishdi. Oltin medal uchun kechgan final bahsida braziliyalik Debora Menezeshni 8:4 hisobida mag‘lub etib, Paralimpiya o‘yinlari chempioniga aylandi. Shu yili Turkiyada o‘tkazilgan jahon chempionati va Livandagi Osiyo chempionatida ham g‘olib bo‘ldi.
Chempionlik sari uzluksiz intilish
2022-yilda Guljanoy Naimova xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarini davom ettirdi. Eron poytaxti Tehronda o‘tkazilgan Osiyo taekvondo federatsiyasi Prezidenti kubogi, Angliyaning Manchester shahridagi Yevropa ochiq chempionati, Bolgariya poytaxti Sofiyada tashkil etilgan Gran-pri turniri va Vetnamdagi Osiyo chempionatida oltin medallarga sazovor bo‘ldi. Parijda o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Mazkur natijalar sportchining yil davomidagi barqarorligini namoyon etdi. Uning yutuqlari mamlakatimizda ham e’tirof etildi va Guljanoy «Yilning eng yaxshi ayol paralimpiyachisi» deb topildi.
2023-yilda ham para taekvondochimiz Turkiya, Fransiya va Livanda o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi.
Para taekvondo bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Bobur Qo‘ziyev rahbarligidagi tayyorgarlik jarayonida Guljanoy o‘z mahoratini yanada oshirdi. Xanchjoudagi Paraosiyo o‘yinlarida ayollar o‘rtasida +65 kilogramm vazn toifasida yarim finalda xitoylik Kui Tangni 12:0 hisobida mag‘lub etdi. Finalda esa eronlik Leyla Mirzaiyga qarshi bahsda 16:0 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ushbu g‘alaba Guljanoyning qit’a miqyosidagi yetakchi sportchilardan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.

2024-yil ham Guljanoy Naimova uchun muhim musobaqalarga boy bo‘ldi. Vetnamning Danang shahrida o‘tkazilgan Paraosiyo chempionatida +65 kilogramm vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida esa finalga qadar yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda britaniyalik Emi Tryusdeylga jarohat sabab imkoniyatni boy berdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
2025-yilda Malayziyaning Kuching shahrida tashkil etilgan para taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Guljanoy Naimova +65 kilogramm vazn toifasida yana bir bor Osiyo chempioni bo‘ldi. Musobaqa davomida u eronlik Marziya Nasrollaxiyni 23:4 hisobida mag‘lub etdi, finalda esa braziliyalik Debora Menezesh ustidan 15:13 hisobida g‘alaba qozondi.
Joriy yilda ham sportchimiz xalqaro maydondagi g‘oliblik an’anasini davom ettirdi. Iyun oyida Italiya poytaxti Rimda o‘tkazilgan para taekvondo bo‘yicha jahon Gran-pri musobaqasida +65 kilogramm vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Iyul oyida Janubiy Koreyaning Chunchon shahrida tashkil etilgan G4 toifasidagi Jahon ochiq chellenj turnirida ham g‘oliblikka erishdi. Sentyabr oyida Muҗu shahrida o‘tkazilgan jahon Gran-pri musobaqasida esa finalda “Parij–2024” Paralimpiya o‘yinlari chempioni Emi Tryusdeylni mag‘lub etib, yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba uning ikki yil avval jarohat sabab Paralimpiya o‘yinlari finalidagi mag‘lubiyat uchun revansh sifatida qayd etildi.
Los-Anjeles sari yangi marralar
Guljanoy Naimovaning sportdagi g‘olibona yo‘li yillar davomidagi izchil mehnat, o‘z ustida ishlash va yangi maqsadlar sari intilish tarixidir. Paralimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari, Osiyo birinchiliklari, jahon Gran-pri turnirlari va Paraosiyo o‘yinlaridagi natijalar buni yaqqol ko‘rsatadi.
Endi sportchi oldida yana bir muhim vazifa turibdi. U 2028-yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish va yurtimiz sharafini munosib himoya qilishi lozim.

Guljanoyning har bir g‘alabasi yosh avlodga muhim saboq beradi. Katta maqsadlarga erishish uchun iste’dodning o‘zi kifoya emas, balki sabr, intizom va tinimsiz mehnat ham zarur. Uning yutuqlari imkoniyatlardan samarali foydalanish, o‘z oldiga yuksak marralar qo‘yish va yurt sharafi uchun kurashish namunasidir.
Ishonch bilan aytish mumkinki, Guljanoy Naimova kabi sportchilarning muvaffaqiyatlari mamlakatimizda parasportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu g‘alabalar yangi avlod vakillariga o‘z orzulari sari dadil qadam tashlash uchun kuch bag‘ishlaydi.
“Los-Anjeles–2028” sari yo‘lda Guljanoy Naimovaga yangi zafarlar, mustahkam iroda va yurtimiz bayrog‘ini yana bir bor shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga olib chiqish nasib etsin.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA