Chim ustida xokkey bahslarida Andijon va Xorazm jamoalarining shashti baland
“Prezident olimpiadasi” o‘yinlarining chim ustida xokkey bahslari o‘tkazilmoqda. O‘g‘il va qiz bolalar jamoalari final bosqichida bosh sovrin uchun kurash olib bormoqda.
Kecha qiz bolalar jamoalari o‘rtasidagi musobaqalarda Xorazm–Buxoro, Farg‘ona–Toshkent viloyati, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi o‘yinlarda Andijon–Navoiy hamda Toshkent viloyati–Namangan jamoalari to‘qnash keldi.

Ilk kungi qizlar musobaqalarida farg‘onaliklar Toshkent viloyati, xorazmliklar Buxoro jamoasidan ustunlikka erishdi. O‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlarda esa Andijon viloyati terma jamoasi navoiylik tengqurlarini 5:2 hisobida dog‘da qoldirdi. Namangan viloyati va Toshkent viloyati terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda 2:2 hisobidagi durang natija qayd etildi.

Bugun, 28-oktabr kuni chim ustida xokkey musobaqalarining ikkinchi kunida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toshkent viloyati – Navoiy, Andijon– Namangan jamoalari ro‘baro‘ kelsa, qizlar musobaqasida Farg‘ona–Buxoro, Xorazm–Toshkent viloyati terma jamoalari kuch sinashadi.
“Prezident olimpiadasi” chim ustida xokkey musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari ertaga, 29-oktabr kungi o‘yinlar natijasida aniqlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA