Sibir tog‘ echkilari fotoqopqonga muhrlandi
Ugom – Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududida o‘rnatilgan fotoqopqonlar yovvoyi tabiat hayotidan yana bir qiziqarli lavhani qayd etilyapti. Qurilma ma’lumotlarini tahlil qilish jarayonida ikki bosh Sibir tog‘ echkisi tasvirga muhrlandi.
Sibir tog‘ echkisi baland tog‘li hududlarda yashashga moslashgan yovvoyi hayvonlardan biri bo‘lib, asosan tik qoyalar, tog‘ yonbag‘irlari va toshloq joylarda uchraydi. Baquvvat oyoqlari va mustahkam tuyoqlari uning murakkab qoyali hududlarda ham erkin harakatlanishiga imkon beradi. Ushbu hayvonlar asosan o‘tlar, tog‘ o‘simliklari va buta barglari bilan oziqlanadi.
Fotoqopqonlar orqali olinayotgan ma’lumotlar yovvoyi hayvonlarning tabiiy yashash muhitidagi harakatini kuzatish, tarqalish hududlarini o‘rganish va biologik xilma-xillikni muhofaza qilish choralarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ugom – Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ining ilmiy bo‘limi tomonidan olib borilayotgan bunday kuzatuvlar tog‘ ekotizimlarini o‘rganish va noyob tabiat boyliklarini asrashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA