Favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirishning innovatsion yondashuvlari ko‘rib chiqildi
Bugungi kunda zilzila, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar xavfi ortib borayotgan sharoitda bino va inshootlarning mustahkamligi hamda xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bunda zilzilabardosh, yong‘inga chidamli va ekologik xavfsiz qurilish materiallarini yaratish, ularni sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan “Zilzilabardosh, yong‘inga chidamli va ekologik xavfsiz qurilish materiallari: favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirishning innovatsion yondashuvlari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumanida mazkur masalalar atroflicha muhokama qilindi.
[gallery-32006]
Tadbirda qurilish materiallarining xavfsizlik xususiyatlarini yaxshilash, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va mutaxassislar tayyorlashda ilm-fan hamda ishlab chiqarish hamkorligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Anjumanni akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Ahrorjon Jafarov ochib, bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligini ta’minlash, konstruksiyalarning olovga bardoshlilik chegarasini oshirish, qurilishda ekologik xavfsiz xomashyodan foydalanish va yangi materiallarning samaradorligini baholash masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘tarildi. Ayniqsa, hududlarning seysmik xususiyatlarini hisobga olish, yong‘in tarqalishini cheklaydigan konstruktiv yechimlarni qo‘llash va qurilish sifatini nazorat qilish zarurligini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, favqulodda vaziyatlarda talafotlarni kamaytirish faqat hodisa sodir bo‘lgandan keyingi choralar bilangina cheklanmaydi. Buning uchun loyihalash bosqichidan boshlab xavflarni hisobga olish, qurilish materiallarining fizik-mexanik va yong‘in-texnik ko‘rsatkichlarini o‘rganish, zamonaviy laboratoriya sinovlarini yo‘lga qo‘yish hamda bino va inshootlarning texnik holatini muntazam baholab borish kerakligi aytib o‘tildi.
Ilmiy izlanishlar natijalarini qurilish amaliyotiga joriy etishda yuqori malakali muhandislar, loyihachilar va favqulodda vaziyatlar sohasi mutaxassislarini tayyorlash ham muhimdir. Bu yo‘nalishda oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik yangi texnologiyalarni sinash, ularning xavfsizlik ko‘rsatkichlarini asoslash va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berishi ta’kidlab o‘tildi.
Xususan, anjumanda so‘zga chiqqanlar tomonidan seysmik ta’sirlarga chidamli konstruksiyalar va kompozit materiallar, olovga bardoshli qoplamalar hamda issiqlikdan himoyalovchi mahsulotlar, kam uglerodli va qayta ishlangan xomashyo asosidagi qurilish materiallari, shuningdek, bino va inshootlar holatini raqamli monitoring qilishga oid ilmiy-amaliy yondashuvlar muhokama etildi. Muhokamalar davomida qurilish mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish, ularning mustahkamligi va uzoq muddat xizmat qilishini baholash, yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini aniqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan ekologik texnologiyalarni joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Muhimi, taqdim etilgan ilmiy g‘oya va takliflar faqat nazariy jihatdan emas, balki amaliy qo‘llash imkoniyati nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqildi. Yangi qurilish materiallarining zilzila va yuqori harorat ta’siridagi xususiyatlarini kompleks baholash, xavfsizlik mezonlarini takomillashtirish va ilmiy natijalarni loyihalash hamda qurilish jarayonlariga olib kirish zarurligi qayd etildi.
Anjuman doirasida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, qurilish xavfsizligiga oid ilmiy izlanishlarni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda tadqiqot natijalarini tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda sinovdan o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, olimlar va mutaxassislar tomonidan zilzilabardosh konstruktiv tizimlar, yong‘in ta’sirida o‘z xususiyatlarini saqlab qoladigan materiallar, mahalliy xomashyo asosidagi ekologik mahsulotlar hamda ularning texnik-iqtisodiy samaradorligini baholash bo‘yicha istiqbolli ilmiy-amaliy takliflar ilgari surildi. Bunday hamkorlik ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni rivojlantirish, laboratoriya hamda tajriba-sinov ishlarini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar bilan ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, mutaxassislar malakasini oshirish va xavfsiz qurilish madaniyatini yuksaltirish uchun muhim imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Anjuman yakunida ma’ruzalar yuzasidan savol-javoblar va fikr almashuvlar tashkil etilib, zilzilabardoshlik, yong‘in xavfsizligi va ekologik barqarorlik talablarini uyg‘unlashtirish, innovatsion materiallarning amaliy qo‘llanishini kengaytirish hamda kelgusidagi ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli xulosalar shakllantirildi.
Anjuman yakunida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Mazkur ikki tomonlama memorandum ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, seysmik xavfsizlikni ta’minlash, zilzilalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning ehtimoliy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan qo‘shma ilmiy-amaliy faoliyatni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.
Gulnoza Boboyeva,
Asliddin Alijonov (surat)
O‘zA