Shveysariya Rossiyaga qarshi sanksiyani kuchaytirmoqda
Shveysariya Federal kengashi YeI tomonidan aprel oyida qabul qilingan Rossiyaga qarshi sanksiyaning 14-to‘plami doirasida qo‘shimcha cheklov choralari joriy etishga qaror qildi. 20-avgustdan kuchga kiradigan yangi tartib asosan suyultirilgan tabiiy gaz (STG), eksport-import va moliya sohalarini qamrab olgan.
Xususan, Rossiyaning STG tankerlari va terminallariga xizmat ko‘rsatish hamda ushbu mamlakatga kema sotish taqiqlandi. Uchinchi davlatlarga kema sotish shartnomasiga esa RFga qayta sotishni man etuvchi maxsus band kiritilishi shart.
Bundan tashqari savdo sohasida avvalgi cheklovni aylanib o‘tishning oldini oluvchi yangi nazorat tizimi joriy etilmoqda. Moliyaviy tomondan esa rus kripto platformalari orqali mablag‘ o‘tkazish va raqamli rubl kabi kripto-aktivni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash man etilgan.
Shuningdek, shveysariyalik tadbirkorlarni Rossiya hududidagi noqonuniy sud qarori va intellektual mulk bilan bog‘liq xavfdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolat ham ko‘zda tutilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA