Markaziy Osiyo yangiliklari
Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 770 dan ortiq xorijiy kuzatuvchi qurultoy saylovi uchun akkreditatsiyadan o‘tgan.
MSK 23-avgust kuni Qozog‘iston Qurultoy saylovi uchun xorijiy kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazishni yakunlaydi.
Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda MSK kotibi Muxtar Yerman xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning jami 777 vakili maxsus ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yirik tadbirda 42 davlat, 13 xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etadi. Kuzatuvchilar orasida 41 mamlakatdan 138 nafar parlament a’zosi bor.
***
Turkmanistonning Kiyevdagi elchisi Toyli Atayev Ukraina Savdo-sanoat palatasi rahbari Gennadiy Chijikov bilan uchrashdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqboli, sanoat, transport-logistika, qurilish va zamonaviy texnologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini muhokama qilishdi.
Muloqot davomida o‘zaro savdoni yanada rivojlantirish hamda Turkmaniston va Ukraina kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar ikki davlat biznes hamjamiyatlari o‘rtasida ishchi aloqani davom ettirish hamda sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdorliklarini tasdiqladilar.
***
Tojikiston hukumati boshqa mamlakatlardan neft mahsulotlari importi kamayishi asnosida Erondan 2,5 million tonna yonilg‘i so‘radi: 2 million tonna neft, 150 000 tonna benzin, 300 00 tonna dizel va 100 000 tonna reaktiv yonilg‘i. So‘ralgan mahsulotni tashish uchun 51 000 sisterna kerak bo‘ladi.
Xabar qilinishicha, 15-avgust kuni Tehronda Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim va Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Tomonlar Islom Respublikasidan Tojikistonga neft mahsulotlari va neft yetkazib berish masalasini muhokama qilgan.
Shuningdek, Erondan imtiyozli tranzitni ta’minlash, Chobahor portida logistika markazi yaratishni qo‘llab-quvvatlash va boshqa logistika masalalarini hal qilish so‘ralgan.
***
Qirg‘iziston faoliyati sanksiya xavfi ortishi bilan bog‘liqligi ehtimoli bor 40 kompaniyadan 19 tasini tugata boshladi. Mamlakat Iqtisodiyot vazirligi xabar berishicha, qaror idoralar aro tekshiruvdan so‘ng qabul qilindi.
Darvoqe, davlat banklari ham ichki nazoratni kuchaytirmoqda. Masalan, “Eldik Bank” taxminan 109 korxona bilan munosabatni cheklab, yana 20 kompaniya hisob raqamini yopish arafasida. “ABANK” esa taxminan 35 jamoa bilan ishlashni to‘xtatdi. Jami 40 ta korxona tergov ostida.
***
Qirg‘iziston va Xitoy Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatidan yonilg‘i-moylash materiallari yetkazib berishni tezlashtirishga kelishib oldilar.
Kelishuvga Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Erlist Akunbekov va XXR Kommunistik partiyasi qo‘mitasi kotibi Chen Syaotszyan uchrashuvida erishildi.

Tomonlar jahon neft bozoridagi beqaror vaziyat sharoitida Qirg‘izistonga barqaror yonilg‘i yetkazib berish zarurligini ta’kidladilar.
Qirg‘izistondagi neft va gaz konlarini birgalikda qidirish va rivojlantirish, neftni qayta ishlash zavodlari qurish, mahsulotni saqlash, tranzit qilish va qayta yuklash uchun chegara infratuzilmasini yaratish rejasi ham muhokama qilindi.
***
Qozog‘iston Kaspiy neft va gaz inshootlarida terrorizmga qarshi himoyani kuchaytiradi
Ma’lumotga ko‘ra, tegishli o‘zgartirilgan buyruq mamlakat energetika vaziri Erlan Akkenjenov tomonidan imzolangan.
Endi Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektoridagi inshootlar egalari yoki menejerlari iltimosga binoan dengiz terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha maxsus guruh uchun joy ajratishi shart.

Manzilda vertolyot maydonchasi hozirlanishi, dengizdagi ishlab chiqarish inshooti bilan oraliq masofa 23 kilometrdan oshmasligi kerak. Joy 10 kishini sig‘dira olishi zarur. Maxsus guruh mobil dengiz aktiviga joylashtirilishi mumkin.
Neft va gaz kompaniyalari tomonidan qoplanadigan xarajat ro‘yxati va hajmi o‘zaro kelishuv asosida belgilanadi.
Hujjat 17-oktabrdan kuchga kirishi ma’lum qilindi.
Saidmurod Rahimov tayyorladi. O‘zA