Shveysariya mudofaa xarajatini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi
Shveysariya hukumati parlamentga havodan keladigan tahdidga qarshi mudofaani kuchaytirish uchun 2026-yil byudjetiga qo‘shimcha 970 million frank ajratish taklifini kiritmoqda. Qariyb 1 milliard dollarga teng bu loyihani hukumat qurol-yaroq bozorida talab keskin oshgani va buyurtmani yetkazib berish muddati cho‘zilayotgani bilan izohlagan.
Bern ayniqsa uzoq masofali zarba va gibrid hujumni mamlakat uchun ehtimoliy jiddiy xavf sifatida ko‘ryapti. Hukumat fikricha, hozirgi imkoniyat bunday tahdiddan himoyalanish uchun yetarli emas. Qo‘shimcha mablag‘ qisqa va o‘rta masofali havo mudofaasi tizimi, radar hamda kichik dronga qarshi vositalar uchun to‘lov amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Shveysariya 60 dan ortiq harbiy ob’ekt xavfsizligini kuchaytirish uchun keyingi yillari yana 100 million frank sarflamoqchi. Mamlakat AQSHdan F-35A qiruvchi samolyoti olishi kutilyapti. Faqat yakuniy narx bo‘yicha Bern va Vashington o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. “Patriot” tizimi yetkazib berilishi ham kechikyapti.
Qo‘shimcha xarajatni parlament hali tasdiqlashi lozim. Hukumat armiya ehtiyojini moliyalashtirish uchun 2040-yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘ini oshirish masalasini ham parlamentga kiritmoqchi. Rasmiy hisob-kitobga ko‘ra, mavjud tahdidga tayyor turish uchun Shveysariyaga yaqin yillarda qurol-yaroq uchun yana 24 milliard frank sarmoya zarur.
Musulmon Ziyo, O‘zA