Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga – 45 yil
Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi mamlakatimizdagi eng yirik va strategik ahamiyatga ega korxonalardan biri hisoblanadi. Korxona 1980 yil 2 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tashkil etilgan.
Bunga 1974 yilda ochilgan Sho‘rtan gaz konidagi №1 quduqdan birinchi gaz qazib olinishi asos bo‘lib xizmat qilgan. 1980 yildan boshlab boshqarma sanoat miqyosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va bugungi kunda mamlakatimizdagi eng yirik gaz konlaridan biriga aylangan.
Joriy yilning noyabr oyida boshqarma tashkil qilinganiga 45 yil to‘ldi. Ushbu sana munosabati bilan korxonada tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi M.Azimov va boshqalar korxona jamoasini samimiy tabrikladi.
Ta’kidlash lozimki, korxonaning gaz va gazkondensatini qazib olish chuqurligi 2700-3500 metrni tashkil etib, tarkibidagi konlar soni 14 taga yetgan. Yillik qazib chiqarish hajmi taxminan 8 milliard metr kub tabiiy gaz va 400 ming tonna gaz kondensati tashkil qiladi. Bunday natijaga erishish uchun boshqarma va uning tizimidagi konlarda 3 ming 800 nafarga yaqin ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda.
[gallery-26141]
– Bugungi kunda korxonamiz va uning tizimidagi stansiyalar konlardan gaz qazib olish, uni qayta ishlash va aholiga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, – deydi boshqarma bosh muhandisi Eldor Do‘stmurodov. – Asosiy ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz tabiiy gaz, gaz kondensati, suyultirilgan gaz (propan-butan aralashmasi), oltingugurt va texnik kislorod. So‘nggi yillarda boshqarmada keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Yangi siquv kompressor stansiyalari, gazni tayyorlash va tozalash qurilmalari ishga tushirildi. Energiya tejamkor texnologiyalar, avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari hamda raqamli monitoring dasturlari joriy etildi. Bundan tashqari gaz tarkibidagi oltingugurt moddasini ajratib olish vazifasini bajaruvchi 1980 yilda ishga tushirilgan qurilmalar eskirgani bois mahalliylashtirish dasturi doirasida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan qurilmalarga almashtirilishi maqsad qilingan. Ushbu qurilmalardan joriy yilda 8 dona, keyingi yilda esa 16 donasi olib kelinadi. Ilgari bu kabi qurilmalar chetdan katta mablag‘ evaziga import qilingan.
Tantanali tadbir doirasida korxonada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar, bugungi kunda namunali faoliyat yuritayotgan faol xodimlardan bir guruhi yubiley sana munosabati bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng boshqarma tarixi eks ettirilgan muzey faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari