Sholichilikda iqlim o‘zgarishiga qarshi yangi ilmiy yechimlar
Global iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Suv tanqisligi, yuqori harorat, qurg‘oqchilik va o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida sholi va dukkakli ekinlarni barqaror yetishtirish uchun endi faqat tajribaning o‘zi kifoya emas — ilm, innovatsiya va xalqaro hamkorlikni bir nuqtada birlashtirish talab etilmoqda.
Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ana shu dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Konferensiyada so‘zga chiqqanlar ilm-fan natijasining haqiqiy qiymati uning amaliyotdagi samarasi bilan belgilanishini ta’kidlashdi. Yangi ishlanma yaratish bilan ish bitmasligi, uni ishlab chiqarishga olib kirish, fermer va tadbirkorga yetkazish hamda iqtisodiy va ijtimoiy samaradorligini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, suv va boshqa resurslarni tejash, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga jadal joriy etish, xorijiy tajribani mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida urg‘u berildi. Buning uchun ilmiy ishlanmalarni fermer xo‘jaliklarida sinovdan o‘tkazish, ularning amaliy va iqtisodiy samaradorligini aniq baholash, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Anjumanda Koreyaning O‘zbekistondagi KOPIA markazi direktori Kim Jayehyun ham jahonshumul iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, yuqori harorat, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, yog‘ingarchilik tartibining o‘zgarishi hamda kasallik va zararkunandalarning ko‘payishi qishloq xo‘jaligi uchun yangi ilmiy yechimlarni talab etmoqda.

Kim Jayehyun O‘zbekiston bilan ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirib:
- Biz do‘st O‘zbekiston davlati bilan izchil hamkorlik qilishga doimo tayyormiz. Ushbu konferensiya ham sholichilik ilmida tajribalarimizni bo‘lishish uchun qulay platforma bo‘ladi, — dedi.

Xalqaro anjuman shu jihati bilan ahamiyatliki, unda ilm-fan natijalarini faqat muhokama qilish emas, balki ularni dalaga olib chiqish, fermer uchun amaliy yechimga aylantirish va iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligini shakllantirish masalalariga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA