35 yillik to‘yga — 35 kitob
Yangiyer shahridagi Abduqul Mamatov va Bonu Mamatova xonadoni bugun nafaqat mahalla, balki butun hudud ahli uchun o‘ziga xos ma’naviyat maskaniga aylangan. Bu xonadon oddiy uy-joy emas, balki tarix va ma’rifat uyg‘unlashgan, nodir osori-atiqalar, qadimiy qo‘lyozmalar va minglab kitoblar jamlangan haqiqiy uy-muzeydir.
Mamatovlar xonadonida XVI–XVIII asrlarga oid tarixiy buyumlar, nodir qo‘lyozma manbalar hamda o‘zbek, tojik, fors va rus tillaridagi 3000 dan ziyod kitob saqlanadi. Maskanga tashrif buyurganlar nafaqat tarixiy eksponatlar bilan tanishishi, balki kitob mutolaa qilishlari mumkin. Yaqinda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov mazkur uy-muzeyda bo‘lib, maskan qoshidagi kutubxona fondini boyitish maqsadida 500 ta kitob sovg‘a qildi. Bu ezgu tashabbus kitobga, ilm-ma’rifatga va milliy merosga bo‘lgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

Ushbu tashabbusdan ilhomlangan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi a’zolari ham «35 yillik to‘yga — 35 kitob» loyihasini boshlab yuborishdi. Uning asosiy maqsadi — mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan kitob sovg‘a qilish orqali kutubxona fondini boyitish, kitobxonlik muhitini kengaytirish va yoshlarni mutolaaga yanada ko‘proq jalb etishdan iborat.

Xayrli tashabbus doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari — Norinso Qosimova, Munavvar Pardayev va Dilorom Ismadiyorovalar o‘z shaxsiy kutubxonalari hamda mualliflik asarlaridan 35 tadan kitobni mazkur maskanga tuhfa qildilar.
— Kitob — inson ma’naviyatini boyitadigan, uni fikrlashga, izlanishga va dunyoqarashini kengaytirishga undaydigan beqiyos manba. Shu ma’noda «35 yillik to‘yga — 35 kitob» tashabbusini oddiy kitob sovg‘asi emas, balki ma’rifat va ezgulikka da’vat sifatida qabul qilamiz. Ayniqsa, tarixiy osori-atiqalar va nodir kitoblar jamlangan shunday maskan kutubxonasiga kitob tuhfa qilish biz, jurnalistlar uchun ham katta ma’naviy mas’uliyatdir. Umid qilamizki, bugungi 35 kitob ertaga yana yuzlab kitoblarga, yana ko‘plab kitobxonlarga yo‘l ochadi. Zero, kitobga qilingan ezgu ish — kelajakka qilingan investitsiyadir, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova.

Darhaqiqat, har bir kitob — o‘z ichiga bir olam ma’noni jo etgan ma’naviy xazina. Bugun sovg‘a qilingan kitoblar ertaga yoshlarning bilim va tafakkurini boyitishi, ularni yangi izlanishlarga undashi shubhasiz.

Tashabbusning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, u viloyatdagi boshqa kitobsevar jurnalistlar, ziyolilar va keng jamoatchilikni ham xayrli ishga chorlaydi. Zero, bayramlar o‘tadi, sanalar tarixga aylanadi. Ammo ezgu niyat bilan sovg‘a qilingan kitob inson qo‘lida qoladi, bir o‘quvchidan boshqasiga o‘tib, ma’rifat nurini tarqataveradi.
«35 yillik to‘yga — 35 kitob» tashabbusi ana shunday ezgu maqsadni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli. Bu — mustaqillikning 35 yilligiga munosib ma’naviy tuhfa, kitobga bo‘lgan ehtirom va kelajak avlodga qoldirilayotgan ezgu merosdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri