“Shijoat va g‘ayrat” sinovdan o‘tdi
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida mahalla yoshlari o‘rtasida harbiy-sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda mahallalarda istiqomat qiluvchi 18-22 yosh oralig‘idagi yigit-qizlar turnikda tortilish, orqa bilan yotgan holatda tanani ko‘tarish, o‘quv qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish, uzoq va qisqa masofaga yugurish, merganlik kabi shartlar asosida o‘z iqtidor va jismoniy tayyorgarliklarini sinovdan o‘tkazishdi.
Bunday musobaqalar tasodifan uyushtirilgani yo‘q. Gap shundaki, shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Mahallalarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa Mudofaa vazirligi, Sport vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Xo‘sh, u yoshlarga nima beradi?
– Avvalo, biz mahalla yoshlarini birlashtira olyapmiz, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Ziyavitdinov. – Qolaversa, shunday musobaqa bahonasida joylardagi o‘yingohlar ta’mirlanyapti, yangisi tashkil etilmoqda. Natijada yoshlarning sport klublariga muntazam qatnovi darajasi oshishiga erishildi. Aslida ko‘zlangan maqsad ham yoshlar orasidagi sportning ommaviyligiga hissa qo‘shish edi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA