Gidroenergetika tarmog‘i barqaror rivojlantiriladi
“Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Xususan, 2026-yil yakuniga qadar 114 MVt ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish va 7,1 milliard kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
2032-yil yakuniga qadar respublikada umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan gidroto‘plash elektr stansiyalarini qurish, gidroenergetika sohasida 3 266 MVt qo‘shimcha quvvatlarni yaratish orqali gidroenergetika quvvatlarini 2,4 baravarga oshirish belgilangan.
“O‘zbekgidroenergo” AJni barqaror rivojlantirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish maqsadida investitsiya loyihalari hududlariga olib boruvchi yo‘l, elektr uzatish tarmoqlari va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilishini bir bosqichli loyihalashtirish (ishchi loyiha) asosida “O‘zbekgidroenergo” AJ mablag‘lari hisobidan xarid tartib-taomiliga asosan pudrat tashkilotlarini aniqlagan holda amalga oshirish, infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan istiqbolli hududlarda loyiha-qidiruv ishlarini sifatli amalga oshirish uchun “Gidroproyekt” AJ va “O‘zsuvloyiha” AJga uchuvchisiz uchish apparatlarini xarid qilish va ulardan foydalanish, “O‘zbekgidroenergo” AJ va uning tizim tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan davlat xaridlarida “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi tashkilotlarning ishtirok etishiga ruxsat berilishi belgilandi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA