Shifoxonada maxsus taktik o‘quv mashqi
Namanganda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda sog‘liqni saqlash muassasalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini tezkor bartaraf etish maqsadida maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Yangi Namangan tumanidagi Go‘zal mahallasida joylashgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida tashkil etilgan mazkur o‘quv mashqida yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari, qutqaruv xizmatlari hamda boshqa tegishli hamkor tashkilotlar xodimlari ishtirok etib, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirdilar.

– Mashg‘ulot jarayonida shartli ravishda zilzila oqibatida muassasaning olti qavatida yong‘in kelib chiqishi, og‘ir ahvoldagi hamda harakati cheklangan bemorlarni xavfsiz evakuatsiya qilish ko‘rsatildi, – deydi Namangan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ul xodimi Qahramon Sattorov. – Shuningdek, bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yong‘inni tezkor bartaraf etish hamda jalb etilgan kuch va vositalarni samarali boshqarish bo‘yicha amaliy tadbirlar bajarildi.

Amaliy taktik mashg‘ulotda shoshilinch tibbiy yordam xizmati rahbariyati va tuzilmalari shaxsiy tarkibining favqulodda vaziyatlar paytida ko‘p sonli jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatishdagi aniq, tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlari ham amalda namoyish etildi.
Qolaversa, rahbar xodimlarning tezkor qaror qabul qilish hamda qutqaruv kuchlarini muvofiqlashtirish borasidagi ko‘nikmalari yanada mustahkamlandi.

Mazkur o‘quv mashqi natijasida qutqaruv xizmatlari va hamkor tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorligi yana bir bor sinovdan o‘tkazilib, aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan amaliy tajriba yanada boyitildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA