Milliy qonunchilik Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirilmoqda
Mamlakatimizda tashqi savdoni erkinlashtirish, eksport tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiyotga to‘liq integratsiyasini ta’minlash, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Parlament quyi palatasi majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga eksport tartib-taomillarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi aynan shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlariga binoan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilishga doir ruxsatnoma berish tartibini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
[gallery-28470]
Shuningdek, loyiha bilan litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga qo‘llaniladigan jarimalar ro‘yxatidan eksportga oid cheklovlar chiqarib tashlanmoqda.
Ta’kidlanganidek, belgilanayotgan normalar mahsulotlar eksportini kengaytirish, eksportdagi mavjud cheklovlarni bartaraf etish, raqobat va ochiq bozor muhitini yaratish, shuningdek, milliy qonunchiligimizni JST qoidalariga uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA