Sherobodda 55 oila bayramni yangi uyda nishonlaydi
Surxondaryo viloyatida mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yangi inshootlarni foydalanishga topshirish marosimlari davom etmoqda.
Viloyatning Sherobod tumanida qad rostlagan 55 oilaga mo‘ljallangan ko‘p qavatli muhtasham uy ham bayram arafasida xonadon sohiblariga topshirildi.
Tumanning Do‘stlik mahallasida qad rostlagan turar-joy binosini “Safar Jo‘ra Bahrom” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari sifatli, tez bunyod etdi. Barcha zamonaviy sharoitlarga ega uyni qurib, foydalanishga topshirish uchun 16 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Yangi uy foydalanishga topshirilgach, tadbir qatnashchilari xonadonlarda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Nuroniylar osuda, ozod va obod yurtimizda aholi farovonligini ta’minlab, turmush darajasini yuksaltirayotgan mustaqillikning abadiy bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochdi.
Shu kuni tuman markazidagi Mustaqillik ko‘chasining tubdan rekonstruksiya qilingan olti kilometr qismi va yangidan qurilgan keng, mustahkam ko‘prik ham foydalanishga topshirildi.

Ko‘p yillardan buyon aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan o‘nqir-cho‘nqir yo‘lning yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatgani aholini o‘ylantirib kelgan muhim muammolardan biriga chek qo‘ydi.

Ko‘p qavatli uy va tubdan rekonstruksiya qilingan yo‘lni foydalanishga topshirish marosimlarida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri